Android Auto yopiq buklama telefonlardan qoʻngʻiroq qila olmayapti: aybdor Gemini
Motorola Razr va Samsung Galaxy Z Flip egalari ekrani yopiq holda qoʻngʻiroq qila olmayapti, deb xabar bermoqda Android Authority.
Muammo ovozli yordamchi Geminiʼga oʻtilganidan keyin paydo boʻlgan. Foydalanuvchilar Reddit va Google forumlarida telefon yopiq holda qoʻngʻiroq qilmoqchi boʻlganda «davom etish uchun qopqoqni oching» degan xabar chiqayotganini yozmoqda. Kiruvchi qoʻngʻiroqlar esa muammosiz ishlayapti.
Shikoyatlarning aksariyati 2025-yil iyunida tarqala boshlagan Android 16 oʻrnatilgan Motorola Razr Ultraʼning 60 va 70-modellariga tegishli. Samsung Galaxy Z Flip 7 foydalanuvchilaridan biri Geminiʼni faollashtirgach, qoʻngʻiroqlar amalga oshmay qolganini maʼlum qilgan. 2025-yil aprelida qurilma egasi yana Google Assistantʼga qaytgan — shundan keyin muammo yoʻqolgan.
Google va Motorola vakillari hodisalarni tekshirayotganini tasdiqladi, biroq hozircha rasmiy tuzatish yoʻq. 2026-yil sentabrida Google Gemini ishlashi uchun minimal talablar bajarilgan qurilmalardan Google Assistantʼni olib tashlashni boshladi. Bu vaqtinchalik yechimni qiyinlashtirmoqda: endi eski yordamchiga qaytish barcha telefonlarda ham mumkin emas.
Hozircha muammoni chetlab oʻtish yoʻli yoʻq. Buklama telefon egalari qoʻngʻiroq qilish uchun qurilmani ochishiga toʻgʻri kelmoqda. Bu muammo kundalik funksiyalarga joriy etilayotgan sunʼiy intellekt vositalariga qaramlik kuchayib borayotganini, ayni paytda ularning dastlabki bosqichlarda xatolarga yoʻl qoʻyayotganini koʻrsatadi.
2025-yil iyunida chiqarilgan Android 16 kameraga oid yangilanishlar, firibgarlikdan himoya va real vaqt rejimidagi bildirishnomalarni oʻz ichiga olgan. Biroq qoʻngʻiroqlar bilan bogʻliq xato Geminiʼning Android Auto tizimiga integratsiyasi kutilmagan oqibatga aylangan.





