Canva tasvirlar yaratish uchun neyron tarmoqni ishga tushirdi
Mahsulot Canva Craft deb nomlandi

Grafik dizayn platformasi Canva oʻzining Canva Craft deb nomlangan tasvirlar yaratishga moʻljallangan ilk neyron tarmogʻi chiqarilganini eʼlon qildi. Model kompaniyaning ichki tadqiqot jamoasi tomonidan avval sotib olingan Leonardo.ai startapi mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan. U Google, OpenAI, Meta va ByteDance kompaniyalari analoglariga toʻgʻridan-toʻgʻri raqobatchi boʻlishi koʻzda tutilgan.
Canva Craftʼning klassik tasvir generatorlaridan asosiy farqi professional maket va dizaynga yoʻnaltirilganidadir. Model ikki bosqichda ishlaydi: - Rejalashtirish: neyron tarmoq avval matnli soʻrovni (promptni) tahlil qiladi va boʻlajak kompozitsiya sxemasini tuzadi — vizual iyerarxiya, masshtab, elementlar oʻrtasidagi aniq fazoviy munosabatlar hamda matn uchun belgilangan joylashuvni hisoblab chiqadi. - Generatsiya: reja asosida 2K gacha boʻlgan aniqlikda, barcha platformalar uchun 30 xil tomonlar nisbatida yakuniy tasvir yaratiladi.
Canva Craftʼning asosiy xususiyati maʼlumotlar toʻplami bilan bogʻliq: model anʼanaviy fotosuratlar bazasi oʻrniga servis kutubxonasidagi real shablonlar — posterlar, taqdimotlar, infografikalar va menyular asosida oʻqitilgan. Shu sababli yaratilgan tasvirlarni Canva Magic vositasi yordamida darhol alohida tahrirlanadigan qatlamlarga ajratish mumkin.
Canva Craft modeli platformaning barcha foydalanuvchilari uchun Dream Lab boʻlimida allaqachon mavjud. Shuningdek, u Canva API orqali ham taqdim etiladi va MCP protokoli orqali uchinchi tomon chatbotlarida, jumladan ChatGPT va Geminiʼda ham qoʻllab-quvvatlanadi. Yaqin vaqt ichida servisga ikkita tezlashtirilgan modifikatsiya — Craft-fast va Craft-ultrafast ham qoʻshiladi.
Oʻz sunʼiy intellektini ishlab chiqish biznes qayta baholanayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda: oʻtgan yili platformaning yillik daromadi 4 mlrd dollarga yaqinlashgan, biroq 2026 yil uchun oʻsish prognozlarining pasaytirilishi mustaqil tahlilchilarning Canva qiymatiga bergan bahosini 42 mlrd dollardan 35 mlrd dollargacha tushirishiga sabab boʻldi.




