Epic Games Disney bilan hamkorlikdagi oʻyinni toʻliq sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqishga oʻtkazmoqda
Kompaniya Marvel va Star Wars olamiga asoslangan loyiha uchun kodni qoʻlda yozish va grafikalar yaratishdan voz kechmoqda

Epic Games Walt Disney Company bilan hamkorlik doirasida ishlab chiqishni toʻliq sunʼiy intellektdan foydalanishga oʻtkazmoqda. Bu haqda Bloomberg loyiha tafsilotlaridan xabardor anonim manbalarga tayanib yozdi. Gap Marvel va Star Wars asosidagi shooter oʻyini haqida ketmoqda. U 2027-yil martida chiqishi kerak edi, biroq endi nomaʼlum muddatga qoldirildi.
Anthropic kompaniyasining Claude modeli kabi sunʼiy intellekt tizimlari barcha kod va grafik materiallarni yaratadi. Inson dasturchilar esa kurator sifatida ishlaydi: ular neyron tarmoqlar yaratgan natijalarni boshqaradi va takomillashtiradi. Epic xodimlarining ichki yozishmalari kodni qoʻlda yozish va artlar yaratish toʻxtatilayotganini tasdiqlaydi.
Epic va Disney hamkorligi 2024-yil boshida 1,5 mlrd dollar budjet bilan eʼlon qilingan edi. Biroq loyiha kadrlar yetishmasligi va ishlarning sekin borayotgani sabab kechikishlarga duch keldi, endi esa ishlab chiqish yondashuvi tubdan oʻzgarmoqda.
Epic rahbari Tim Suini ijtimoiy tarmoqlarda keng koʻlamli oʻzgarishlarni tasdiqladi: «Sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqishni imkon qadar tezlashtirish uchun jamoa tuzilmasini toʻliq oʻzgartiryapmiz. Maqsad — odamlar sonini qisqartirish emas, balki har bir xodimga koʻproq va sifatliroq ijod qilish imkonini berish, bu afzalliklarni Unrealʼdan foydalanadigan barcha jamoalarga yoyish».
Epic vakili Bloombergʻga bergan izohida kompaniya «sunʼiy intellekt tezlashtiradigan ishlab chiqish jarayonini joriy etayotgani, bunda yetakchi rol Epic dasturchilarida qolishi — ular kompaniya qilayotgan barcha ishlarning qarashlari va ijodiy yoʻnalishini belgilashi»ni aytdi.



