Meta hujjatlar va kod bilan ishlash uchun AI modellarini chiqardi
Yangi Muse Wonder va Muse Wonder Full modellari sugʻurta polislarini, ijara shartnomalarini va moliyaviy hisobotlarni tahlil qila oladi

Meta sunʼiy intellektga asoslangan ikkita yangi model — Muse Wonder va Muse Wonder Fullʼni taqdim etdi. Ular huquq, moliya va tibbiyot sohalaridagi professional vazifalarni bajarish, shuningdek, ilovalar va oʻyinlar kodini yozish hamda tekshirish uchun moʻljallangan.
Modellar suhbatlar orasidagi kontekstni saqlab qoladigan va joriy vazifa uchun kerakli tafsilotlarni qayta tiklaydigan «faol xotira» funksiyasi bilan jihozlangan. Yana bir funksiya — «faol fokus» — vazifa murakkablashgan taqdirda ham AIʼga ishlashda davom etish, turli yondashuvlarni sinab koʻrish, xatolarni tuzatish va muhim harakatlarni bajarishdan oldin tafsilotlarni aniqlashtirish imkonini beradi.
Kompaniya modellar foydalanuvchilarning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish va xavfli soʻrovlarni bajarishdan bosh tortishga oʻrgatilganini taʼkidlaydi. Ular dasturchilar va xavfsizlik mutaxassislariga koddagi zaifliklarni aniqlash hamda himoya tizimlarini mustahkamlashda ham yordam berishi mumkin. Barcha modellar Meta Superintelligence Scaling Framework standartlari boʻyicha tekshiruvdan oʻtkaziladi.
Muse Wonder allaqachon Meta APIʼsi va Muse Code xizmati orqali foydalanish uchun mavjud. Obunachilar yaqin vaqt ichida yangi imkoniyatlardan foydalanish imkoniga ega boʻladi. Modeldan foydalanish narxi bir million kiruvchi token uchun 4 dollar va bir million chiquvchi token uchun 20 dollarni tashkil etadi. Muse Wonder Full «kengaytirilgan foydalanish» (oyiga 50 dollar) va «maksimal foydalanish» (oyiga 200 dollar) tariflaridagi foydalanuvchilar uchun mavjud.
Meta rahbari Mark Sukerberg Financial Timesʼga bergan intervyusida modellarni yaratish kompaniyaning superintellekt jamoasi tomonidan katta hisoblash quvvatlaridan foydalanish va ilmiy ish olib borishni talab qilganini aytdi. Meta bu yil AI texnologiyalarini rivojlantirishga 145 milliard dollargacha mablagʻ sarflashni rejalashtirmoqda.



