OpenAI hamasoschisi: dunyo aholisining 75 foizi sunʼiy intellekt bilan deyarli tanish emas
Atigi 0,2 foiz odam dasturlash uchun ilgʻor modellardan foydalanadi
OpenAI hamasoschisi va «vibe-kodlash» atamasini muomalaga kiritgan Andrey Karpati sunʼiy intellektdan foydalanishdagi tafovut «keskin voronkaga» aylanganini aytdi. Uning baholashicha, qariyb 6 mlrd kishi — Yer aholisi 75 foizi — katta til modellari (LLM) bilan deyarli hech qachon muloqot qilmagan. Yana 1–2 mlrd kishi ChatGPTʼning bepul versiyalaridan vaqti-vaqti bilan foydalanadi, xolos.
Jiddiy vazifalar uchun sunʼiy intellektdan foydalanadiganlar sonini esa Karpati 20 mln kishi yoki sayyora aholisining 0,2 foizi deb baholadi. Ular ilgari bajarishga haftalar yoki oylar ketgan murakkab loyihalarni bitta prompt yordamida amalga oshiradi.
Eng kam sonli guruh — qariyb 5 000 kishi — ilgʻor sunʼiy intellekt tizimlaridan foydalanish imkoniga ega. Bunga koʻpincha ularning yetakchi kompaniyalarda ishlashi sabab boʻladi. Karpati OpenAI va Hugging Face bilan bogʻliq maʼlumotlar sizib chiqishi hodisasini misol qilib keltirdi: bunday tizimlar mutaxassislarga yillar talab qilinadigan mega-loyihalarni bir necha hafta ichida bajarishga qodir. Gap kiberhujumlar, ilmiy kashfiyotlar va matematikani rivojlantirish haqida bormoqda.
Sunʼiy intellektning rivojlanish surʼati natijalarni tahlil qilish boʻyicha insonlarning imkoniyatlaridan oʻzib ketmoqda. Karpati mutaxassislar bir necha oy oldin sodir boʻlgan OpenAI va Hugging Face bilan bogʻliq hodisaning oqibatlarini hali ham tahlil qilayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, matematiklar sunʼiy intellekt yaratgan ilgʻor matematik tadqiqotlarga oid 722 ta qoʻlyozmani hali uzoq vaqt oʻrganishadi.
Box bosh direktori Aaron Levi Karpati postini «sunʼiy intellektning tarqalishi qanchalik ilk bosqichda ekanini tushunishning yaxshi usuli» deb atadi. Uning aytishicha, aksariyat odamlar sunʼiy intellektdan oddiy soʻrovlar uchun chatbot sifatida foydalanadi, bu esa uning haqiqiy imkoniyatlarini ancha past koʻrsatadi.



