Oʻzbekistonda yiliga bir million nafar yoshga oʻyinlar yaratish va robototexnika boʻyicha taʼlim berish boshlanadi
2030-yilgacha raqamli iqtisodiyotning yangi segmentlarida yana 500 mingta ish oʻrni yaratiladi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raqamli taʼlim ekotizimini rivojlantirishga oid materiallar bilan tanishdi. IT sohasida 300 mingta ish oʻrni yaratish maqsadi allaqachon bajarilgan. 2030-yilgacha yoshlarni kunduzgi va masofaviy shakllarda oʻqitish rejalashtirilmoqda — jami 5,5 million nafar yosh taʼlim oladi.
Prezident har yili 1 mln nafar yoshni robototexnika, kompyuter oʻyinlarini ishlab chiqish, startaplar yaratish va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarga oʻqitish vazifasini qoʻydi.
Maktab oʻquvchilari uchun «Al-Xorazmiy vorislari» va «Sunʼiy intellektning besh million yetakchisi» loyihalarini kengaytirish, bunda oliy taʼlim muassasalari hamda xususiy oʻquv markazlari resurslarini birlashtirish rejalashtirilmoqda. Dasturlarga sunʼiy intellekt, mikrochiplarni loyihalash, uchuvchisiz texnologiyalar va kompyuter oʻyinlarini ishlab chiqishni kiritish taklif qilinmoqda. Shuningdek, informatika oʻqituvchilarining malakasini oshirish hamda Fargʻona tajribasini hisobga olgan holda iOS dasturchilarini tayyorlash markazlarini ochish rejalashtirilmoqda.
«Raqamli yoshlar» platformasi ish oʻrinlarini tanlash va ishga joylashishni kuzatib borish uchun taʼlim, koʻnikmalar, tillar va sertifikatlar haqidagi maʼlumotlarni birlashtiradi. Grantlarni raqamli taʼlimga, kadrlar tayyorlashga va olis hududlarda markazlar tashkil etishga yoʻnaltirish taklif qilinmoqda.


