WhatsApp xabarlarni yuborishni rejalashtirish imkonini beradi
Funksiya messenjerning Android uchun beta-versiyasida paydo boʻladi va qurilma internetga ulanmagan boʻlsa ham ishlaydi, deb xabar bermoqda WaBetaInfo.
WhatsApp matnli xabarlar, fotosuratlar va videolarni yuborishni rejalashtirish imkonini qoʻshmoqda. Foydalanuvchilar qurilma tarmoqdan uzilgan boʻlsa ham, xabar yetkaziladigan aniq vaqtni tanlay oladi. Funksiya shaxsiy va guruh chatlarida ishlaydi.
Yangi imkoniyat WhatsAppʼning Android uchun 2.26.40.7 beta-versiyasida paydo boʻladi. Xabar yuborilishini rejalashtirish uchun yuborish tugmasini bosib turish kerak — shunda sana va vaqtni koʻrsatish mumkin boʻlgan menyu ochiladi. Chat sozlamalarida rejalashtirilgan xabarlarni boshqarish uchun alohida boʻlim ham paydo boʻladi.
Funksiya matn, havolalar, fotosuratlar va videolarni qoʻllab-quvvatlaydi, biroq bir martada faqat bitta elementni rejalashtirish mumkin. Xabarlarni yuborilishidan kamida 10 daqiqa va koʻpi bilan ikki hafta oldin rejalashtirish mumkin. Guruh chatlarida xabarni faqat rejalashtirish vaqtida guruh aʼzosi boʻlgan ishtirokchilar oladi.
Hozirda bu imkoniyat cheklangan sondagi beta-sinovchilarga taqdim etilgan, biroq yaqin haftalarda undan koʻproq foydalanuvchilar foydalana oladi. WhatsApp bu funksiyani bir necha oy davomida ishlab chiqdi va endi uni rasman taqdim etishga tayyorlanmoqda. Barcha rejalashtirilgan xabarlar uchidan uchigacha shifrlash bilan himoyalanadi.
Rejalashtirilgan xabarlarni chatning maxsus boʻlimida boshqarish mumkin. Agar yuboruvchi xabarni joʻnatilishidan oldin oʻchirsa, oluvchi bundan xabar topmaydi. Funksiya bitta xabarda bir nechta fotosurat yoki videoni ommaviy yuborishni qoʻllab-quvvatlamaydi.


