Zoom sizdan inson ekaningizni tasdiqlashingizni soʻraydigan boʻladi
Buni Sem Altman hammuassisi boʻlgan kompaniya ishlab chiqqan World ID yordamida amalga oshirish rejalashtirilmoqda

Zoomʼdagi videomuloqotlarda World ID tekshiruvidan oʻtgan foydalanuvchilar koʻk nishon bilan belgilanadi. Kompaniyalar bunday shaxsni tasdiqlash qaysi suhbatlar uchun talab qilinishini mustaqil ravishda belgilashi mumkin.
Ushbu vositaga ulanayotgan moliyaviy kompaniyalar qatorida Bain Capital va VanEck Funds ham bor. Ular ofislariga Orb qurilmalarini oʻrnatishni rejalashtirmoqda. Bu xodimlarga koʻz irisini skanerdan oʻtkazish va agar ilgari buni qilmagan boʻlsa, tizimda roʻyxatdan oʻtish imkonini beradi.
Texnologiya uch bosqichli tekshiruvdan foydalanadi: davlat hujjatlari asosida, selfi yordamida hamda selfini Orb tomonidan yaratilgan biometrik yozuv bilan taqqoslash orqali. Worldʼning taʼkidlashicha, shifrlash kompaniya kira oladigan markaziy maʼlumotlar bazasini yaratmaydi. Shunga qaramay, bu yondashuv maxfiylik himoyachilari orasida bahslarga sabab boʻlmoqda.
World IDʼni OpenAI bosh direktori Sem Altman hammuassisi boʻlgan World kompaniyasi ishlab chiqqan. Tizimda blokcheyn qoʻllanadi, uning protokoli esa ochiq manba kodida eʼlon qilingan.


