90 daqiqada kosmik yetkazib berish: AQShda Ghost apparati sinovdan oʻtkazildi
Amerikaning Sierra Space kompaniyasi 20 km gacha balandlikdan yuklarni qaytarish tizimini sinovdan oʻtkazdi, deb yozadi Aviation Week

Sierra Space kompaniyasi kelajakda yuklarni koinotdan Yerga bir yarim soatda yetkazib bera oladigan, qaytarib olib kelinadigan Ghost apparatini sinovdan oʻtkazdi. Sinovlar davomida apparat 10,7 va 20,9 km balandlikdagi aerostatlardan tashlab yuborildi.
Yuk sifatida bir shisha viski va dasturiy boshqaruvga ega radiostansiyadan foydalanildi. Maqsad suyuqliklar va nozik elektronika tushish paytidagi yuklamaga bardosh bera oladimi-yoʻqmi, shuni tekshirish edi. Kompaniyaning katta vitse-prezidenti Erik Deyler sinovlar bunday yuklarni xavfsiz tarzda qaytarib, chiqarib olish mumkinligini isbotlaganini aytdi.
Tizimning oʻziga xos jihati — yuk solingan kapsulalarni oldindan orbitaga joylashtirishdir. Ular u yerda besh yilgacha boʻlishi va soʻrovga koʻra ichidagi yukni sayyoraning istalgan nuqtasiga yetkazishi mumkin. Bu buyurtma berilgandan keyin yuklarni Yerdan joʻnatishga qaraganda yetkazib berishni tezlashtirishi kerak.
Hozircha texnologiya dastlabki bosqichda. Aerostatlardan oʻtkazilgan sinovlar tizimning faqat bir qismini tekshirdi, orbitadan toʻliq qaytishni esa sinamadi. Kompaniya apparat koinotda uzoq vaqt ishlay olishini, atmosferaga xavfsiz kira olishini va aniq qoʻna olishini hali tasdiqlashi kerak.
Kelajakda Sierra Space Ghost apparatidan odatiy transport usullari juda koʻp vaqt talab qiladigan borish qiyin hududlarga yuk yetkazish uchun foydalanishni rejalashtirmoqda.




