Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Fan

«Jeyms Uebb» teleskopi qorongʻu materiyaning xususiyatlariga oid ishoralarni aniqladi

Uzoqdagi kvazarlarni kuzatish qorongʻu materiya toʻplamlari tuzilishini oʻzgartirishi mumkinligini koʻrsatdi, deb xabar beradi Nature

14-oktabr, 16:13По-русски
commons.wikimedia.org — NASA, ESA, CSA, STScI, Webb ERO Production Team

Qorongʻu materiya koʻrinmasligicha qolmoqda, biroq uning galaktikalar va yulduzlarga taʼsiri gravitatsiya orqali qayd etiladi. Standart modelga koʻra, uning zarralari deyarli oʻzaro taʼsirlashmaydi. Ammo «Jeyms Uebb» teleskopining yangi maʼlumotlari boshqa ehtimolni ham koʻrsatmoqda.

Astronomlar qora tuynuklar energiyasi hisobiga yorqin nurlanish manbalariga aylangan 29 ta kvazarni oʻrgandi. Gravitatsion linzalanish tufayli har bir kvazar toʻrtta tasvirda koʻrinadi: massiv obyektlar yorugʻlik yoʻlini egrilaydi. Bu tasvirlar yorqinligidagi oʻzgarishlar koʻrinmas materiya toʻplamlarini aniqlashga yordam beradi.

Jamoa kuzatuvlarni qorongʻu materiya modellari bilan taqqosladi. Standart modelda uning toʻplamlari barqaror boʻlib qoladi. Muqobil gipotezaga koʻra esa, qorongʻu materiya zarralari bir-biriga taʼsir qilishi mumkin. Bunday holatda toʻplamlar vaqt oʻtishi bilan markazdagi zichligini yoʻqotadi, keyin esa gravitatsiya taʼsirida keskin zichlashadi. Bunday tuzilmalar kvazarlar yorugʻligini kuchliroq buzadi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Teleskop maʼlumotlari muqobil modelga koʻproq mos keladi. Uning foydasiga Bayes dalillari standart gipotezaga nisbatan 6–24 baravar yuqori boʻldi. Biroq bu isbot emas, balki ehtimoliy signal xolos.

Standart model ham natijalarni izohlashi mumkin, ammo buning uchun kutilganidan koʻproq mayda qorongʻu materiya toʻplamlari va yulduz klasterlari mavjud deb faraz qilishga toʻgʻri keladi. Bunday farazlarni kosmologik masofalarda tekshirish qiyin — natija gravitatsion linzalar modellarining aniqligiga bogʻliq.

Hozircha gap kashfiyot haqida emas, balki bir ishora haqida bormoqda. Uni tasdiqlash uchun yangi kuzatuvlar va mustaqil tekshiruvlar talab etiladi.

Yana oʻqing