Olimlar 2100 yilgacha insoniyatga tahdid soluvchi 17 asosiy xavfni sanadi
Ularning ikkitasi insoniyatning qirilib ketishiga olib kelishi mumkin, qolganlari esa bir-birini kuchaytiradi, deb yozadi IFLScience.
The Lancet jurnalida eʼlon qilingan tadqiqot insoniyat uchun yaqin 75 yil ichidagi 17 ta halokatli xavfni aniqladi.
Roʻyxatning boshida sunʼiy intellektdan yovuz maqsadlarda foydalanish va yadroviy urush turibdi. Olimlarning taʼkidlashicha, yadroviy qurol qoʻllanishi xavfi oshib borayotganiga qaramay, jamoatchilik uning xavfini yetarlicha baholamaydi. Sunʼiy intellekt ham munozaralarga sabab boʻlmoqda: ekspertlar u haqiqatan ham insoniyat mavjudligiga tahdid soladimi-yoʻqmi, degan masalada turli fikrda.
Qolgan 15 ta xavf qatoriga iqlim oʻzgarishi, havoning ifloslanishi, pandemiyalar, antibiotiklarga chidamlilik, semizlik, chekish va daromadlar tengsizligi kiradi. Masalan, iqlim oʻzgarishi havoning ifloslanishini kuchaytiradi va hasharotlar orqali yuqadigan kasalliklar tarqalishiga yordam beradi. Oʻrmonlarning kesilishi infeksiyalarning hayvonlardan odamlarga yuqish xavfini oshiradi, bu esa yangi pandemiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari ushbu xavflarga qarshi kurashishga yordam beradigan ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirishni koʻpaytirishni taklif qilmoqda. Muvofiqlashtirilgan choralar koʻrilmasa, xavflar faqat kuchayib boradi.
Boshqa xavflar qatorida taʼlim darajasining pastligi, ruhiy salomatlikning yomon holati, yuqori qon bosimi va bolalarning toʻyib ovqatlanmasligi ham bor. Olimlar bu muammolarni bir-biridan ajratib koʻrib boʻlmasligini taʼkidlaydi: ular oʻzaro taʼsirlashib, umumiy inqirozni kuchaytiradi.
Tadqiqot, shuningdek, aholining nosogʻlom qarishi va sogʻliqni saqlashni rivojlantirishga koʻrsatilayotgan yordamning qisqarishiga eʼtibor qaratadi. Bu omillar global chaqiriqlar kuchayib borayotgan sharoitda vaziyatni yanada ogʻirlashtirishi mumkin.




