Olimlar Oyning ikki tomoni nega bunchalik farq qilishini tushuntirdi
Aftidan, bunga Yerning tortish kuchi sabab boʻlgan
Xitoyning «Changʻe-6» missiyasi Oy sirtining narigi tomonidan olingan jinslarni ilk bor Yerga olib keldi. Ularni Nankin universiteti professori Hetszyu Xuey boshchiligidagi guruh oʻrganib, milliardlab yillar avval Yer gravitatsiyasi sabab yuzaga kelgan notekis qizish Oy ichida kuchli magma oqimlarini harakatga keltirganiga dalillar topdi.
Tadqiqotchilar oy jinslarining uch turini taqqosladi: anortozitlar, magniyli jinslar va oy dengizlaridan olingan bazaltlar. Narigi tomondan olingan namunalar tarkibiga koʻra «Apollon» va «Changʻe-5» missiyalari koʻrinadigan tomondan yigʻgan jinslarga oʻxshash boʻlib chiqdi. Bu Oyning mantiyasi — qobiq ostidagi qatlam — har ikki tomonda ham kimyoviy jihatdan bir xil ekanini anglatadi.
Biroq Oyning qobigʻi boshqacha tuzilgan. Narigi tomondagi anortozitlarda magniy koʻproq, magniyli jinslarda esa noyob yer elementlari va toriy kamroq. Bu narigi tomondagi qobiq qalinroq va qadimiyroq, koʻrinadigan tomon esa vulqon tekisliklari hamda KREEP elementlari — kaliy, noyob yer elementlari va fosfor — bilan boyroq ekanini tasdiqlaydi.
Olimlar quyidagi modelni taklif qildi: Oy Yerga bir tomonini doim qaratadigan boʻlgach, sayyoramizning gravitatsiyasi uning koʻrinadigan tomonini kuchliroq qizdira boshlagan. Bu magma aylanishini yuzaga keltirgan: issiq oqimlar erigan jinslarni koʻrinadigan tomondan narigi tomonga koʻchirib, u yerdagi qobiqni qalinlashtirgan. Shu bilan birga, koʻrinadigan tomonda kechroq hosil boʻlgan magmatik jinslar, jumladan KREEP toʻplangan.
Natijalar National Science Review jurnalida eʼlon qilindi. Tadqiqot Yerning gravitatsion taʼsiri Oyning asimmetriyasini qanday shakllantirganini tushuntiradi: mantiya bir jinsli boʻlib qolgan, ammo sirtida bir-biridan keskin farq qiladigan landshaftlar paydo boʻlgan.





