Xitoy Oy va Marsga parvozlar uchun ulkan raketa loyihalashtirmoqda
iSpace kompaniyasi 100 tonnagacha yuk koʻtara oladigan, birinchi bosqichida 33 ta dvigatel oʻrnatiladigan oʻta ogʻir raketani namoyish etdi

Xitoyning xususiy iSpace kompaniyasi Oy, Mars va boshqa uzoq masofali missiyalarga ekipajli parvozlar uchun Hyperbola-9 raketasini ishlab chiqishni boshladi.
Raketa quyi Yer orbitasiga 100 tonnagacha yuk olib chiqishi mumkin. Oy missiyalari uchun uning yuk koʻtarish imkoniyati 50 tonnani tashkil etadi. Raketaning diametri 11 metrga, startdagi tortish kuchi esa 7000 tonna-kuchga yetadi.
Birinchi bosqichga har birining tortish kuchi 300 tonna-kuch boʻlgan, suyuq kislorod va metanda ishlaydigan 33 ta dvigatel oʻrnatiladi. Ikkinchi bosqich orbital manyovrlar va ogʻir yuklarni yetkazish uchun toʻrtta dvigatel, jumladan ikkita vakuum dvigateli bilan jihozlanadi.
Hyperbola-9 qayta foydalaniladigan raketaga aylanadi: birinchi bosqichni vertikal qoʻndirish, ikkinchi bosqichni esa aerodinamik tormozlash yordamida qaytarish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, kompaniya tijoriy parvozlar uchun Hyperbola-3 raketasini sinovlarga tayyorlamoqda.
2026 yilda iSpace Hyperbola-3 ning birinchi orbital parvozini amalga oshirib, bosqichni dengiz platformasiga qaytarishni rejalashtirgan edi. Hozirda raketaning toʻliq oʻlchamdagi elementlari tayyorlangan, sinovlar davom etmoqda.




