Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Gadjetlar

Dunyo boʻylab smartfon yetkazib berish hajmi 2012-yil darajasigacha qulab tushdi

2026-yilning III choragida xotira va komponentlar narxi oshgani sabab yetkazib berish hajmi 20 foizga kamaydi

13-oktabr, 14:13По-русски

2026-yilning III choragida jahon smartfon bozori ushbu davr uchun 2012-yildan beri eng past natijani qayd etdi. Bunga ishlab chiqarish tannarxining oshishi sabab boʻldi: DRAM va NAND xotiralari, shuningdek, boshqa komponentlar narxi koʻtarilib, ishlab chiqaruvchilarning joʻnatish jadvallarini izdan chiqardi. Qurilmalarning chakana narxlari yil boshidan buyon 20 foizga oshdi.

Counterpoint katta tahlilchisi Shilpi Jainning taʼkidlashicha, xotira taqchilligi isteʼmolchilar xatti-harakatini oʻzgartirmoqda: ular eski smartfonlardan uzoqroq foydalanmoqda, koʻproq qayta tiklangan modellarni tanlamoqda yoki qimmatroq qurilmalarga oʻtmoqda. Ishlab chiqaruvchilar talab barqaror boʻlib qolayotgan premium segmentga eʼtiborni kuchaytirib, ommaviy segmentdagi taklifni qisqartirmoqda.

Samsung yetkazib berish hajmini 3 foizga qisqartirganiga qaramay, 23 foiz bozor ulushi bilan yetakchilikni saqlab qoldi. Kompaniya sotuvning oʻrtacha narxi oshgani va Galaxy Z Fold8 kabi buklanadigan smartfonlar muvaffaqiyati hisobiga daromadlarini koʻpaytirdi. Apple III chorakda ilk bor 20 foizlik ulushdan oshib, 22 foizga yetdi, biroq iPhone 18’ning bazaviy modeli mavjud boʻlmagani sabab yetkazib berish hajmi kamaydi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Xiaomi yetkazib berish hajmining 30 foizdan koʻproqqa pasayishiga duch keldi, kompaniyaning bozor ulushi esa 10 foizgacha qisqardi. Xiaomi 18 modellari va oʻzining XRING O3 chipseti tufayli premium segmentdagi mavqeini mustahkamladi. Oppo va Vivo ham yetkazib berish hajmini 20 foizga kamaytirib, koʻproq daromad keltiradigan bozorlar va modellarga eʼtibor qaratdi.

Tahlilchilar butlovchi qismlar yetkazib berishidagi vaziyat yaxshilanib, ularning narxi pasaymaguncha bozor tiklanishini kutmayapti. Ishlab chiqaruvchilar sotuv hajmiga emas, daromadlilikka eʼtibor qaratishda davom etadi.

Yana oʻqing