Elgato mobil blogerlar uchun simsiz mikrofonni chiqardi
Wave Go yangiligi 7 gramm ogʻirlikda, qayta zaryadlamasdan 8 soat ishlaydi va narxi $99,99

Elgato kompaniyasi smartfon va planshetlarda tasvirga olish uchun moʻljallangan Wave Go simsiz mikrofonini taqdim etdi. Qurilma kiyimga magnitli qisqich yordamida biriktiriladi va USB-C qabul qilgichi bilan juftlikda ishlaydi.
Mikrofon 6 millimetrli kondensator kapsulasi va barcha yoʻnalishlardan tovush qabul qiluvchi tizim bilan jihozlangan. Ishlab chiqaruvchi «studiya sifati»dagi tovush, kuchaytirishni avtomatik sozlash va shovqinni kamaytirishni vaʼda qilmoqda. Qurilma 8 soatgacha mustaqil ishlaydi, 10 daqiqalik tezkor zaryadlash esa yana bir soat yozuv olish imkonini beradi.
Toʻplamga Wave Goʻni toʻliq oʻlchamli intervyu mikrofoniga aylantiradigan Smart Handle dastasi ham kiradi. U zaryadlash qurilmasi vazifasini ham bajaradi: bir marta toʻliq zaryadlanganda mikrofonni olti marta toʻliq zaryadlash mumkin, bu umumiy ishlash vaqtini 48 soatgacha oshiradi. Simsiz ulanish 2,4 GGts chastotada ishlaydi, kechikish esa 24 ms dan oshmaydi.
Wave Go iPhone, Android va iPad qurilmalari, shuningdek, Wave Link 3.0 dasturi orqali stol kompyuterlari bilan mos keladi. Tovushni monitoring qilish va parametrlarni sozlash uchun mobil ilova mavjud. Standart toʻplamga saqlash va tashish uchun gʻilof ham kiradi.
Mikrofonning narxi — $99,99. Ikkinchi ovozni yozish uchun qoʻshimcha uzatgich $29,99 turadi.





