Smart Parijda £20 000 turadigan ultraixcham elektromobilni taqdim etdi
Uzunligi 2,75 metr boʻlgan ikki oʻrinli elektromobil 290 km gacha yurish zaxirasiga ega boʻladi

Smart kompaniyasi Parij avtosalonida afsonaviy ikki oʻrinli avtomobilning zamonaviy versiyasini taqdim etdi. Yangi modelning uzunligi 2 746 mm, burilish radiusi esa 6,95 metrni tashkil etadi. Bu shahardagi manevrlarni osonlashtiradi.
Elektromobil orqa yuritmali va besh richagli osmaga ega yangi Electric Compact Architecture platformasida qurilgan. Quvvati 60 kVt boʻlgan orqa elektr dvigatel 130 N·m burovchi moment hosil qiladi. Sigʻimi 35,8 kVt·soat boʻlgan batareya 290 km gacha yurish zaxirasini taʼminlaydi (WLTP sikli boʻyicha dastlabki koʻrsatkich). 65 kVt quvvatli tezkor quvvatlash tizimi batareya zaryadini 10 foizdan 80 foizgacha 20 daqiqada toʻldiradi.
Standart jihozlar qatoriga haydovchiga yordam beruvchi tizimlar: Stop & Go funksiyasiga ega moslanuvchan kruiz-kontrol, qatorda harakatlanish assistenti va koʻr nuqtalarni nazorat qilish tizimi kiradi. Salon 10,1 dyuymli markaziy ekran va 8,8 dyuymli asboblar paneli bilan jihozlangan. 4G, Wi-Fi va Bluetooth orqali internetga ulanish sakkiz yil davomida qoʻllab-quvvatlanadi.
Yevropa bozori uchun uchta asosiy komplektatsiya taklif qilinadi: Pure, Pure+ va Premium. Yuqori darajadagi versiyada panoramali tom, isitiladigan sunʼiy charm oʻrindiqlar hamda yettita dinamikka ega Sennheiser audio tizimi mavjud. Cheklangan Couture Edition seriyasi 999 dona ishlab chiqarilgan.
Smart Europe rahbari Volfgang Ufer ushbu modelni «zamonaviy shaharlar uchun qayta talqin qilingan avtomobil ikonasi qaytishi» deb atadi. Boshlangʻich narxi £20 000 dan kam boʻladi. Oldindan buyurtmalar kelasi yil bahorida ochiladi, yetkazib berish esa yozda boshlanadi.





