Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Oʻyinlar

Dragon Quest yaratuvchisi sunʼiy intellekt yordamida yarim soatda oʻyin yaratdi

Yuji Horii Claude neyrotarmogʻidan foydalanib, dasturlamasdan brauzer uchun detektiv oʻyin yaratdi

13-oktabr, 16:44По-русски

*Dragon Quest* turkumi muallifi Yuji Horii Anthropic kompaniyasining Claude sunʼiy intellekt vositasi yordamida 30 daqiqada brauzer uchun matnli oʻyin yaratib, uni ishga tushirdi. Taqqoslash uchun, uning 1983 yilda yaratilgan *The Portopia Serial Murder Case* oʻyinini tayyorlashga oylar ketgan — oʻsha paytda syujet yozish, grafika chizish va dasturlashni qoʻlda bajarish talab etilardi.

Horiining yangi oʻyini — oʻyinchi soʻroq xonasida gumondorni soʻroq qiladigan detektiv oʻyin. Vazifa — savollar berib, dalillarni koʻrsatgan holda yolgʻonchini vaqt tugamaguncha fosh etish. Oʻyin qisqa boʻlsa-da, mexanikasi jihatidan odamlar yaratgan loyihalardan farq qilmaydi.

Horii sunʼiy intellekt vositalari ishlab chiqish vaqtini keskin qisqartirib, samaradorlikni oshirishini taʼkidladi. Shu bilan birga, uning tajribasi *Dragon Quest*dagi qoʻlda bajarilgan mehnat va ijodiy yondashuvni qadrlaydigan muxlislar tanqidiga sabab boʻldi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Franshiza nashriyotchisi Square Enix sunʼiy intellektni oʻz ish jarayonlariga faol joriy etmoqda. Kompaniya test oʻtkazish va xatolarni aniqlash ishlarining katta qismini neyrotarmoqlarga topshirishni rejalashtirmoqda, shuningdek, ulardan *The Portopia Serial Murder Case*ni ham oʻz ichiga olgan matnli kvestlarni yaxshilashda foydalanmoqda.

Oʻyin sanoatida sunʼiy intellekt ommaviy ishdan boʻshatishlarga sabab boʻldi: studiyalar xodimlarini neyrotarmoqlar bilan almashtirish uchun shtatni qisqartirmoqda. Masalan, Epic Games ishlab chiquvchilardan “sunʼiy intellekt yordamida maksimal tezlashish uchun qayta moslashishni” soʻradi — bu ularga “koʻproq va yaxshiroq” mahsulot yaratish imkonini berishi kerak.

Horiiy va rassom Akira Toriyama qoʻlda yaratgan fantastik olamlarga oʻrganib qolgan *Dragon Quest* muxlislari sunʼiy intellekt tomonidan toʻliq generatsiya qilinadigan oʻyinlarga shubha bilan qaramoqda. Bunday loyihalar auditoriyada turkumning klassik qismlari kabi kuchli mehr uygʻota oladimi-yoʻqmi, hozircha nomaʼlum.

Yana oʻqing