Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Oʻyinlar

GTA 6 2027 yilning birinchi choragida kompyuterda chiqadi

Ishlab chiquvchilar oʻyinning kompyuter versiyasini konsollardagi relizdan bir necha oy oʻtib chiqarishni rejalashtirmoqda

15-oktabr, 17:46По-русски

Rockstar Games Grand Theft Auto VI oʻyinini PlayStation 5 va Xbox Series X/S uchun 2026 yil 19 noyabrda chiqaradi. Kompyuter versiyasi 2027 yilning birinchi choragida chiqadi. Bu haqda studiya rejalaridan xabardor boʻlgan oʻyin industriyasidagi toʻrt manba maʼlum qildi.

Avvalgi qism — GTA V — uchun konsollar va kompyuter oʻrtasidagi relizlar farqi qariyb bir yarim yilni tashkil etgan: oʻyin pristavkalarda 2013 yil sentyabrida, kompyuterlarda esa 2015 yil aprelida chiqqan. Bu safar studiya auditoriyani tezroq kengaytirish va budjeti 2 milliard dollardan oshgan loyihadan daromad olish uchun muddatni qisqartirmoqchi.

Rockstarʼning bosh kompaniyasi Take-Two Interactive rahbariyati avvalroq GTA VI atrofidagi dastlabki hayajondan foydalanish muhimligini taʼkidlagan edi. Korporatsiya rahbari Strauss Zelnick bu haqda oʻtgan oy Nyu-Yorkda boʻlib oʻtgan GamesBeat tadbirida aytdi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Kompyuter versiyasi koʻp oʻyinchili kontentni rivojlantirish uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. 2023 yil avgustida Rockstar GTA V uchun mashhur FiveM modini yaratgan Cfx.re studiyasini sotib olgan. Bu mod foydalanuvchilarga oʻz rolli oʻyin serverlarini ishga tushirish imkonini beradi. GTA Vʼdagi barcha rolli oʻyin jarayoni kompyuterda kechadi, oltinchi qism uchun ham shunga oʻxshash vositalar rejalashtirilmoqda.

GTA VIʼning onlayn rejimi 2027 yilning oʻzidayoq paydo boʻlishi mumkin. Twitch rahbari Dan Clancy Bloombergʻga bergan intervyusida koʻp oʻyinchili versiya «kelasi yili» chiqishini aytdi. Biroq Rockstar bu maʼlumotni hozircha tasdiqlamadi.

Studiya GTA VI relizini allaqachon ikki marta koʻchirdi: avval 2025 yildan, keyin esa 2026 yil noyabriga. Take-Two Interactive oʻyin yakuniy sayqallash va xatolarni tuzatish bosqichida ekanini tasdiqladi.

Yana oʻqing