Xbox oʻz oʻyinlarini PlayStation va Nintendo uchun yopishi mumkin
Microsoft barcha yangi blokbasterlarini eksklyuziv qilish gʻoyasi boʻyicha hamjamiyat fikrini oʻrganmoqda

Xbox oʻyin ekotizimi multiplatforma strategiyasidan butunlay voz kechishi mumkin. Bunday holda PlayStation va Nintendo foydalanuvchilari koʻplab muhim franshizalarning boʻlajak relizlaridan bebahra qoladi.
Oʻtgan yozda Microsoft allaqachon oʻyinlarning mavjud platformalarini qisqartirishni boshlab, Clockwork Revolution loyihasi va Gears of War: E-Day shooter oʻyinini konsol eksklyuzivlari sifatida eʼlon qilgan edi. Endi esa Xbox Insider dasturi ishtirokchilari uchun oʻtkazilgan ichki soʻrovga koʻra, korporatsiya Call of Dutyʼdan tashqari barcha oʻz oʻyinlarini eksklyuziv qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda. Bunda PC uchun relizlar cheklanmaydi.
Tadqiqot doirasida Microsoft auditoriyadan Fallout, The Elder Scrolls, Doom, Diablo, Physint va hatto Minecraft kabi turkumlarni eksklyuziv qilish qarori ularni Xbox sotib olishga undaydimi, deb toʻgʻridan-toʻgʻri soʻragan.
Bunday ssenariyda raqib platformalarda allaqachon chiqarilgan oʻyinlar keyingi qoʻllab-quvvatlashdan mahrum boʻlishi mumkin. Windows Central tahririyati bunday soʻrovlar hozircha siyosatning uzil-kesil oʻzgarishini kafolatlamasligini, biroq platforma egasi yuqori rahbariyati hozir qanday yoʻnalishda fikr yuritayotganini yaqqol koʻrsatishini taʼkidlamoqda.
Bu tashabbus hamjamiyatning oʻzida ham qoʻllab-quvvatlanmoqda: eksklyuzivlik konsepsiyasini qaytarish Xbox Player Voice fikr-mulohaza portalidagi eng ommabop taklifga aylandi va 26 mingdan ortiq ovoz toʻpladi.
Agar rahbariyat ijobiy qaror qabul qilsa, bu kompaniyaning oʻz blokbasterlari soʻnggi yillarda boshqa ishlab chiqaruvchilarning qurilmalarida ham faol chiqarib kelingan siyosatiga nisbatan keskin burilish boʻladi.





