DeepSeek AQSh davlat tuzilmalarida nomaqbul deb topildi
AQSh rasmiylari maʼlumotlarning Xitoyga sizib chiqishidan xavotirda

AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi oʻz tizimlaridan DeepSeek mahsulotlarini oʻchirishni, fuqarolik idoralariga esa ushbu modellar asosidagi yechimlarni xarid qilmaslikni buyurdi. Vazirlik hisobicha, bu modellar «koʻp yoʻnalishli tahdidlar» tugʻdiradi va ulardan AQSh davlat xizmatchilari hamda yetkazib beruvchilari foydalansa, maxfiy maʼlumotlarni XXRga uzatishi mumkin.
Vazirlik bahosiga koʻra, ulardan foydalanish, shuningdek, AQSh davlat organlari va fuqarolari haqida batafsil razvedka maʼlumotlarini toʻplashga yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, modellarda zararli dasturlar va zaifliklar boʻlishi ehtimoli bor. Iyul oyida federal idoralarga DeepSeek bilan bogʻliq ehtimoliy xatarlarni hisobga olgan holda, davlat tashkilotlari saytlariga aloqador axborot oqimlarini kuzatish ham topshirilgan edi.
Avvalroq AQSh Savdo vazirligi va AQSh Harbiy-dengiz kuchlari xizmat qurilmalarida DeepSeekʼdan foydalanishni taqiqlagan, Nyu-York, Tennessi va Virjiniya rasmiylari esa shunga oʻxshash choralarni koʻrgan edi. 29 oktabr kuni AQSh Federal aloqa komissiyasi Xitoy laboratoriyalariga AQShga yetkazib beriladigan smartfonlar, kameralar va kompyuterlarni sinovdan oʻtkazishni taqiqlash tashabbusi boʻyicha ovoz berishi kerak.



