Kayli Minoug qoʻshiqlaridan sunʼiy intellektni oʻqitishda foydalanilgani maʼlum boʻldi
Avstraliya mualliflik huquqini zaiflashtirish masalasini koʻrib chiqayotgan birinchi davlatga aylanishi mumkin
Xalqaro musiqa nashriyotchilari konfederatsiyasi boshqaruvchi direktori Jon Felanning fikricha, kompaniyalar Avstraliya hukumatidan asarlarni litsenziyasiz sunʼiy intellektni oʻqitishda ishlatish imkoniyatini olishga urinmoqda va buning uchun investitsiyalarni toʻxtatish bilan tahdid qilmoqda.
Tashkilot taqdim etgan materiallarda Google Gemini Kayli Minoug, G-Flip va Nik Keyv qoʻshiqlari matnlarini qayta tiklagan. Felan, shuningdek, YouTubeʼdagi videolardan ajratib olingan 12 mln dan ortiq kompozitsiyani oʻz ichiga olgan maʼlumotlar toʻplamiga eʼtibor qaratdi.
Sunʼiy intellekt boʻyicha parlament qoʻmitasi aʼzolari vaziyatni boshi berk koʻcha deb atab, amaldagi meʼyorlarni qayta koʻrib chiqishni tavsiya qildi. Bunda mualliflarning asarlardan foydalanishni nazorat qilish huquqi va haq olish huquqi saqlab qolinishi kerak.



