Netflix suratga olishdan keyin dekoratsiya va yorugʻlikni AI yordamida oʻzgartirmoqda
Striming giganti Netflixga tegishli Eyeline Studios qayta suratga olishlarsiz lokatsiyalar, olomon va yorugʻlikni qayta ishlash uchun generativ texnologiyalardan foydalanmoqda

Netflix tarkibiga kiruvchi Eyeline Studios suratga olishdan keyin lokatsiyalarni almashtirish, ommaviy sahnalar uchun olomonni qayta yaratish va yorugʻlikni tuzatish uchun generativ sunʼiy intellektni postprodakshnga joriy etmoqda. Bu haqda Turinda oʻtkazilgan View konferensiyasida studiyaning innovatsiyalar boʻyicha vitse-prezidenti, «Taxtlar oʻyini» serialining yakuniy mavsumi ustida ishlagan Mohsen Musavi maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, generativ modellar ishning qariyb 60–70 foizini bajarishi mumkin, biroq natijani professional darajaga yetkazish asosiy vazifa boʻlib qolmoqda. Studiya real suratga olish, anʼanaviy vizual effektlar va AI vositalarini birlashtiradigan «gibrid ishlab chiqarish» yondashuvidan foydalanadi. Masalan, aktyorlar qisman qurilgan dekoratsiyalarda tekis yorugʻlik ostida rol ijro etadi, muhit va yorugʻlik esa keyinroq takomillashtiriladi.
Eyeline ishlanmalaridan biri suratga olish tugaganidan keyin kamera rakursi va yorugʻlikni oʻzgartirish imkonini beradi. Namoyishlarda studiya yashil ekran ishlatmasdan, bir lokatsiyaning boshqasiga aylantirilishini koʻrsatdi. «Bu aktyorlar ijrosi qayd etilganidan keyin yorugʻlik va kamerani erkin boshqarish imkonini beradi», — dedi Musavi. U aktyorlarning oʻziga xosligi saqlanib qolishini taʼkidladi.
Bu texnologiyalar Netflix loyihalarida allaqachon qoʻllangan. 1970 yilgi jahon chempionatida terma jamoaning gʻalabasi haqida hikoya qiluvchi «Braziliya 70: Uchinchi yulduz» dramasi uchun Eyeline stadionlardagi hissiy munosabat bildiradigan olomonni qayta yaratdi. Bunda suratga olingan elementlar, spritlar, anʼanaviy kompyuter grafikasi va generativ usullar birlashtirildi. Musavi bunday natijaga anʼanaviy usullar bilan, ajratilgan budjet doirasida erishish nihoyatda qiyin boʻlishini tan oldi.
«Amerika eksperimenti» hujjatli serialida studiya fonni kengaytirish, generativ chang va real kadrlar bilan uygʻunlashtirilgan boshqa raqamli elementlardan foydalandi. Aktyorlarning yoshini oʻzgartirish texnikalari, shuningdek suratga olishdan keyin kamera va yorugʻlikni tuzatish boʻyicha tajribalar ham namoyish etildi.
Ishlab chiqilayotgan texnologiyalar qatorida boshqariladigan generativ suyuqliklar ham bor. Hozir bunday simulyatsiyalar ishonchsiz va nazorat qilish qiyin, biroq Eyeline rassomlarga suvning tezligi, yopishqoqligi va turbulentligini kalit kadrlar yordamida sozlash imkonini berishga intilmoqda. «Vizual effektlarda kerakli ijodiy natijaga erishish uchun koʻpincha suyuqlik fizikasi qonunlarini buzish zarur boʻladi», — deya tushuntirdi Musavi.
Studiya tayyor generatorlarga emas, oʻz ishlanmalariga tayanadi. «Ishlarning katta qismi bizning tadqiqotlarimiz va modellarimizga asoslangan», — deya taʼkidladi u. Netflix ham AI yoʻnalishini kengaytirmoqda: kompaniya iyul oyida qariyb 300 ta loyiha generativ texnologiyalardan allaqachon foydalanganini maʼlum qilgan.



