8 yadroli Intel Core 5 205H Core i5-13420Hʼdan 10–15 foiz tezroq chiqdi
Yangi Intel Core 5 205H mobil chipseti PassMark benchmarkida sinovdan oʻtkazildi

Core i5-13420H bilan taqqoslaganda, yangi chip bir oqimli testda unumdorlikni 10,5 foizga, koʻp oqimli rejimda esa 15,7 foizga oshirdi. Bunda har ikkala protsessor ham Raptor Lake-H qatoriga kiradi, bir xil sakkiz yadroli tuzilmaga ega va hisoblangan issiqlik quvvati (TDP) 45 Vt darajasida.
Bir oqimli testda Core 5 205H 3699 ball, barcha yadrolar ishga tushirilganda esa 19 390 ball toʻpladi. Oʻz navbatida, oldingi avlod vakili Core i5-13420H mos ravishda 3347 va 16 751 ball natija koʻrsatdi. Core 5 205H protsessorining maksimal takt chastotasi 4,8 GGts ga yetadi — bu avvalgi avlod modelidagi koʻrsatkichdan 200 MGts yuqori.
Intel kompaniyasi Core 5 205H va Core 7 230H protsessorlarini 2026 yil boshida yangilangan Raptor Lake-H oilasi sifatida taqdim etdi. Core 5 205Hʼning asosiy jihati — unda integratsiyalangan grafik yadro umuman yoʻq. Shu sababli ushbu protsessor asosidagi noutbuk ishlashi uchun albatta diskret grafik tezlatkich kerak boʻladi.


