«Yandeks» dronlar hujumlari sabab bulutli saqlash funksiyalarini chekladi
Kompaniya servislar ishlashini taʼminlash uchun «Disk»da fayl va papkalarni ommaviy yuklab olish imkoniyatini vaqtincha oʻchirib qoʻydi, deb xabar bermoqda RBK.

«Yandeks» «Yandeks 360»ning ayrim funksiyalarini, jumladan, «Disk» bulutli saqlash xizmatini chekladi. Bunga dronlar hujumlari oqibatida kompaniyaning Sasovo, Kaluga va Vladimir shaharlaridagi maʼlumotlar markazlariga zarar yetgani sabab boʻlgan.
Kompaniya matbuot xizmatining tushuntirishicha, bu choralar serverlarga tushadigan yuklamani kamaytirishga qaratilgan. Hozir foydalanuvchilar «Disk»ning veb-versiyasi orqali papkalarni, bir vaqtning oʻzida bir nechta faylni yoki albomlarni yuklab ola olmaydi. Ommaviy havolalar orqali «Hammasini yuklab olish» tugmasi ham oʻchirib qoʻyilgan.
Shu bilan birga, alohida fayllarni avvalgidek yuklab olish mumkin. «Disk» mobil ilovasida fayllar ochilmayapti, ammo ularni yuklab olish imkoniyati saqlanib qolgan. «Yandeks» barcha funksiyalarni tiklash ustida ishlayotganini maʼlum qildi.
Infratuzilmaga yetkazilgan zarar Runetda keng koʻlamli uzilishga olib keldi. Kompaniya cheklovlar servislarning asosiy ishlash imkoniyatlarini taʼminlash uchun kiritilgan vaqtinchalik chora ekanini taʼkidladi.
Uchinchi tomon dasturlari yordamida foydalanuvchi uchun ochiq boʻlgan papka va fayllarni yuklab olish imkoniyati saqlanib qolmoqda.


