AITOʻning lyuks krossoverlari Yevropada 2027-yil kuzida sotila boshlaydi
Xitoy avtomobil brendi muddatlarni Parij avtosalonida tasdiqladi, biroq narxlar va sotuv boshlanadigan bozorlarni oshkor qilmadi.

Huawei texnologiyalaridan foydalanadigan Seres brendi AITO 2027-yil kuzida Yevropa bozoriga chiqadi. Parij avtosalonida kompaniya toʻrtta modelni — AITO 9, 8, 7 va 6’ni — namoyish etdi, biroq boshlangʻich narxlar, sotuv boshlanadigan mamlakatlar va dilerlarni maʼlum qilmadi.
2025-yilda AITO Xitoyda 426 000 ta avtomobil sotib, Xitoy premium brendlari orasida yetakchiga aylandi. Yevropada kompaniya Xitoy elektromobillariga nisbatan Yevropa Ittifoqi joriy etgan bojlar — standart 10 foizlik bojga qoʻshimcha ravishda 35,3 foizgacha — bilan toʻqnash keladi. Bundan tashqari, 9-oktabrdan YI va Xitoyning gibridlar eksportini qisqartirish haqidagi kelishuvi amal qilmoqda. Bu harakat zaxirasini kengaytirgichga ega AITO modellariga taʼsir qilishi mumkin.
Hozir brend YI transport vositasi turini tasdiqlash hujjatini rasmiylashtirmoqda va 2026-yilgi protokol boʻyicha Euro NCAPʼda besh yulduzli reyting olishga intilmoqda. Kompaniya avtomobillarni Yevropa yoʻllariga moslashtirmoqda: shassi va kuch qurilmalarini qayta sozlamoqda, koʻp tilli ovozli buyruqlarni joriy etmoqda hamda mahalliy servis tarmogʻini yaratmoqda.
Xitoyda AITO Huawei bilan yaqindan hamkorlik qiladi, biroq Yevropada bu aloqa ommaga koʻp koʻrsatilmaydi. Parij avtosaloni uchun tayyorlangan press-kitda Huawei tilga olinmagan, garchi kompaniya haydovchiga yordam berish tizimlari va HarmonyOS multimedia platformasini yetkazib bersa ham. Sentabr oyida Seres AITOʻni ishlab chiqish, marketing va sotishni oʻz zimmasiga oldi, Huawei esa hamkor sifatida qoldi.
AITO 9 flagman modeli — uzunligi 5 285 mm, gʻildirak bazasi 3 125 mm boʻlgan uch qatorli krossover. Uning elektr versiyasi 666 ot kuchiga ega boʻlib, 100 km/soat tezlikka 4,6 soniyada chiqadi. AITO 6 modeli — ikki qatorli krossover boʻlib, elektr variantida quvvati 340 kVtgacha, harakat zaxirasini kengaytirgichli versiyasida esa 345 kVtgacha yetadi. Barcha modellar Xitoyda toʻliq elektr va gibrid variantlarda mavjud.
2026-yilning birinchi yarmida Seres Group tushum 7,9 foizga kamaygani fonida 1,72 milliard yuan zarar qayd etdi. AITOʻning sentabrdagi savdosi oʻtgan yilga nisbatan 29 foizga kamaydi — bu salbiy dinamika kuzatilgan ketma-ket toʻrtinchi oy boʻldi.





