Volvo qoʻllarsiz boshqaruvni amalga oshirish uchun Nvidia yechimlaridan foydalanadi
Avtopilot shahar koʻchalarida toʻlaqonli yoʻnalish topishi, svetofor signallarini oʻqishi va yoʻl belgilarini anglay oladi

Loyihaning texnologik asosi kuchli hisoblash chiplar va avtomobilni har tomondan qamrab oluvchi sensorlar majmuasini oʻz ichiga olgan Nvidia Hyperion apparat kompleksi boʻladi. Alpamayo dasturiy platformasi esa murakkab yoʻl vaziyatlarini qayta ishlaydi: burilishlarda manyovr qilish, tezlikni oshirish yoki tormozlash boʻyicha qarorlarni mustaqil qabul qiladi. Dastlab sensorlar toʻplamiga lidar kiritilmaydi, biroq kompaniyalar uni keyingi bosqichlarda integratsiya qilish ehtimolini istisno etmayapti.
Volvo umumiy ekotizimga oʻz ishlanmalarini ham qoʻshadi. Jumladan, haydovchining holatini kuzatish boʻyicha ilgʻor algoritmlar inson xatti-harakatlarini charchoqni nazorat qiluvchi standart yordamchilarga qaraganda ancha chuqurroq tahlil qiladi. Bundan tashqari, brend elektromobillari tirbandliklar, yoʻl taʼmirlash ishlari va yoʻnalishdagi boshqa xavflar haqidagi maʼlumotlarni oʻzaro almasha oladi. Bu avtopilotning «koʻrish» doirasini sezilarli darajada kengaytiradi.
Yangi texnologiyani Volvoʻning butun model qatoriga — boshlangʻich versiyalardan flagman avtomobillargacha — joriy etish rejalashtirilmoqda, biroq avtokonsern ushbu dastur doirasidagi ilk modellarni hozircha maʼlum qilmagan. Nvidia kompaniyasi qoʻshma loyiha Volvoʻga obuna xizmatlari va dasturiy servislarni muntazam sotishga asoslangan samarali biznes-modelni shakllantirishga yordam beradi, deb hisoblamoqda.





