Sunʼiy intellekt imkoniyatlaridagi tafovut global tengsizlikni kuchaytirishi mumkin, deya ogohlantirdi BMT vakili
Xalqaro elektraloqa ittifoqi bosh kotibining oʻrinbosari Tomas Lamanauskas rivojlanayotgan mamlakatlarning sunʼiy intellekt infratuzilmasidagi ishtiroki past ekanini taʼkidladi.

Sunʼiy intellekt iqtisodiy rivojlanishni tezlashtirishi mumkin, biroq texnologiyaning afzalliklari teng taqsimlanmayapti. Bu haqda Lamanauskas Dohada oʻtkazilgan Jahon investitsiya forumida maʼlum qildi.
Muammo bazaviy infratuzilmadan boshlanadi. Qariyb 2,2 mlrd kishi hamon internetdan foydalana olmaydi, Afrika va Lotin Amerikasiga birgalikda jahon maʼlumotlar markazlari quvvatlarining atigi 3,3 foizi toʻgʻri keladi. Bunday sharoitda mamlakatlarga sunʼiy intellektni joriy etish va oʻz raqamli xizmatlarini rivojlantirish qiyinroq.
Texnologiyalarning tarqalishida ham tafovut bor: rivojlangan mamlakatlarda mehnatga layoqatli yoshdagi odamlarning taxminan 29 foizi, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 16 foizi generativ sunʼiy intellektdan foydalanadi. Bu tafovut mehnat unumdorligini oshirish va ishga kirish imkoniyatlariga taʼsir qiladi.
Yana bir toʻsiq — til. Lamanauskas keltirgan maʼlumotlarga koʻra, sunʼiy intellekt asosidagi tarjima vositalari Afrika tillarining atigi 7 foizini qamrab oladi. Shu bois texnologiyaning mavjudligi mahalliy aholi undan toʻlaqonli foydalana olishini anglatmaydi.
Faqat ulanishning oʻzi yetarli emas
Xalqaro elektraloqa ittifoqi hisob-kitobiga koʻra, 2030 yilga qadar raqamli texnologiyalardan barcha uchun toʻlaqonli foydalanish imkonini taʼminlash uchun 2,6 trln dollardan 2,8 trln dollargacha mablagʻ talab etiladi. Bu summa nafaqat infratuzilma qurilishini, balki xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, raqamli koʻnikmalarga oʻqitish va tartibga solishni takomillashtirishni ham oʻz ichiga oladi.
Bunday yondashuv tarmoqlarga kiritiladigan investitsiyalar odamlarni ulardan foydalanishga tayyorlash bilan birga olib borilishini nazarda tutadi. Aks holda, texnik ulanish imkoniyatlar oʻrtasidagi tafovutni bartaraf eta olmaydi.
Lamanauskas sunʼiy intellekt rivojlanishini toʻxtatish noreal deb hisoblaydi. Buning oʻrniga u rivojlanayotgan davlatlar texnologiyalarni rivojlantirishda ishtirok etishi va ulardan foyda olishi uchun infratuzilma, taʼlim hamda texnologiyalardan foydalanish qoidalariga sarmoya kiritishga chaqirdi.



