Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Sunʼiy intellekt

Opera brauzerning oʻzida neyrotarmoqlarni ishga tushirish imkoniyatini qoʻshdi

WebAI funksiyasi bulutli sunʼiy intellektga murojaat qilmasdan, maʼlumotlarni foydalanuvchi kompyuterining oʻzida qayta ishlash imkonini beradi

28-oktabr, 13:35По-русски

Read in English

Opera saytlar va kengaytmalarga bevosita foydalanuvchi qurilmasida ishlaydigan neyrotarmoqlardan foydalanish imkonini beruvchi WebAI texnologiyasini joriy qila boshladi. Dastlabki sinovlar uchun bu imkoniyat Opera One brauzerida taqdim etildi. Keyinchalik kompaniya uni Opera GX va Opera Neon brauzerlariga ham qoʻshishni rejalashtirmoqda.

WebAI matn yaratish, materiallarni tasniflash va ular oʻrtasidagi mazmuniy bogʻliqliklarni izlash vositalarini ishlab chiqish imkonini beradi. Masalan, kengaytma mos vakansiyalarni saralashi, foydalanuvchini qiziqtiradigan materiallarni ajratib koʻrsatishi yoki saqlangan materiallar orasidan maʼlumot izlashga yordam berishi mumkin. Bunda ishlab chiquvchilarga har bir soʻrovni bajarish uchun alohida bulutli servis tashkil etish talab qilinmaydi.

Opera yechimi turli mos modellarni qoʻllab-quvvatlaydi. Kompaniya mavjud variantlar qatorida Googleʼning Gemma modelini, Mac kompyuterlarida esa Appleʼning ichki modelini tilga oladi. Lokal sunʼiy intellekt uchun alohida dastur oʻrnatish shart emas.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Funksiya ixtiyoriy ravishda yoqiladi: u faollashtirilmaguncha brauzer modellarni yuklab olmaydi. Foydalanuvchi, shuningdek, qaysi saytlarga lokal sunʼiy intellektdan foydalanishga ruxsat berilishini belgilashi mumkin. Opera bayonotiga koʻra, bunday model qayta ishlaydigan maʼlumotlar qurilmaning oʻzida qoladi.

Dastlabki versiya 64 razryadli Windows tizimi va Intel yoki AMD protsessorlariga ega kompyuterlarda, shuningdek Apple Silicon chiplariga ega Mac kompyuterlarida ishlaydi. Neyrotarmoqlarning ishlash tezligi kompyuter xususiyatlariga bogʻliq.

WebAI hozircha taklif etilayotgan veb-standart maqomida. Shu sababli uning Operaʼda paydo boʻlishi bunday imkoniyatlar allaqachon barcha brauzerlarda mavjud degani emas.

Yana oʻqing