Amazon Alexa Photo Frame foto ramkasi va Echo Time aqlli soatini taqdim etdi
Amazon beshta qurilmani taqdim etdi: ular orasida kamerali, aqlli uy uchun oʻrnatilgan habga ega va Fire TVʼli modellar bor.

Amazon Alexaʼga ega uy qurilmalari qatorini kengaytirdi. Yangi mahsulotlar orasida Alexa Photo Frame raqamli foto ramkasi va Echo Time yotoq yonida turadigan soat bor. AQShda har ikki modelning narxi 199,99 dollardan boshlanadi.
Alexa Photo Frame 10 dyuymli sensorli ekranga ega boʻlib, unda yarim mat antirefleks qoplama va yorqinlikni avtomatik sozlash funksiyasi mavjud. Suratlar Amazon Photos bilan sinxronlanadi, kerakli kadrlarni esa ovoz orqali topish mumkin — masalan, maʼlum bir odam yoki sayohatga oid suratlarni koʻrsatishni soʻrash mumkin.
Amazon bayonotiga koʻra, Alexa+ suratlarda aks etgan odamlar va yil faslini hisobga olgan holda fotosuratlarni tanlay oladi, skrinshotlar va boshqa tasodifiy kontentni esa chetga chiqarib tashlaydi. Suratlar uchun ovozli qaydlar ham qoʻshish mumkin. Qayin yoki yongʻoq qoplamali ramka versiyalari 229 dollarga baholangan.
Echo Time yotoqxona uchun moʻljallangan va unda kamera yoʻq. Soat ekran yorqinligini asta-sekin oshirish orqali tong otishini taqlid qiladi. Uyquni kuzatishning qoʻshimcha funksiyasi belgilangan vaqt oraligʻida uygʻonish paytini tanlash imkonini beradi — bunda uyquning yengilroq bosqichiga yoʻnaltiriladi. Buning uchun taqib yuriladigan sensor talab etilmaydi.
99,99 dollarlik yangilangan Echo Dot kolonkasi aqlli uyni boshqarish markazi va eero tarmoq kengaytirgichiga ega boʻldi. 249,99 dollarlik Echo Studio with Home Camera xonani masofadan kuzatish va Alexa bilan muloqot qilish uchun kameradan foydalanish imkonini beradi.
Yana bir yangi mahsulot — 16 dyuymli Full HD ekran, oʻrnatilgan Fire TV va uy qurilmalarini boshqarish vositalariga ega Echo Show 16. Uning boshlangʻich narxi 499,99 dollarni tashkil etadi.





