OpenAI Googleʼning sunʼiy intellekt chiplarini xarid qilishni rejalashtirmoqda
Potensial xarid Amazon, Microsoft va Alphabet kompaniyalari joriy yilda sunʼiy intellekt infratuzilmasiga 600 mlrd dollar yoʻnaltirishni rejalashtirayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

The Information nashrining maʼlumotlariga koʻra, bu rejaning amalga oshirilishi sunʼiy intellekt mahsulotlari va qidiruv sohasida raqobatlashayotgan OpenAI va Googleʼni yaqinlashtirishi mumkin. Oʻtgan hafta OpenAI oʻzining ilgʻor modellaridan Google Cloud orqali foydalanish imkoniyatini eʼlon qildi.
OpenAI allaqachon sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish va ishlatish uchun NVIDIA tezlatkichlarini xarid qiluvchi eng yirik kompaniyalar qatoriga kiradi. 2025-yil iyunida kompaniya Googleʼning hisoblash quvvatlarini ijaraga ola boshlagani maʼlum boʻlgan, biroq oʻshanda chiplarning turlari haqida maʼlumot berilmagan.
Googleʼning Tensor Processing Units (TPU) qurilmalari arzonroq yechim izlayotgan bozor ishtirokchilari uchun NVIDIA tezlatkichlariga muqobil boʻldi. Bu yil Google protsessorlarni ayrim mijozlarga toʻgʻridan-toʻgʻri sota boshladi, Anthropic bilan tuzilgan bitimlar esa ularga boʻlgan talabni oshirdi.
Google TPU sotuvlaridan tushadigan daromadning kichik qismini shu yil oxirigacha tan olishini kutmoqda, asosiy summani esa 2027-yilda aks ettirishni rejalashtirmoqda. OpenAI ham oʻzining yarimoʻtkazgichlar loyihasini rivojlantirmoqda: kompaniya iyun oyida Broadcom bilan birgalikda yaratilgan chipni taqdim etdi va bunday yechimlarni shu yil oxirigacha joriy etishni rejalashtirmoqda. Mavjud maʼlumotlarga koʻra, Google TPUlarini Oracle ham sotib olmoqchi.





