ULA kompaniyasining Vulcan raketasi parvozlarni qayta boshlashga hozirlik koʻrmoqda
Amazon Leo uchun rejalashtirilgan 38 ta uchirishning birinchisi orbitaga 40 ta sunʼiy yoʻldoshni olib chiqishi kerak, biroq sana hali kelishilishi lozim.

Vulcan raketasining qaytishi qattiq yoqilgʻili tezlatkichdagi nosozlikdan toʻqqiz oy oʻtib rejalashtirilgan. Ushbu nosozlik kompaniyaning 2026-yilgi uchirishlar jadvalini izdan chiqargan edi. Uchirish Floridadagi Kanaveral burnida joylashgan AQSh Kosmik kuchlari bazasidan amalga oshirilishi kerak.
Raketaga tegishli dastlabki toʻrtta parvozning ikkitasida qattiq yoqilgʻili tezlatkichlar soplosi bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelgan, oxirgi holat fevralda qayd etilgan. Har ikki holatda ham Vulcan vazifasini bajargan, biroq ULAning asosiy buyurtmachisi boʻlgan AQSh Kosmik kuchlarining raketaga ishonchi pasaygan.
Harbiylar missiyani ayniqsa sinchiklab tekshirishni rejalashtirmoqda. Pentagon 2030-yillar boshigacha amalga oshiriladigan yirik uchirishlarning taxminan yarmini Vulcanga topshirgan; raketa 2025-yilda milliy xavfsizlik manfaatlari yoʻlidagi uchirishlar uchun sertifikatlangan.
ULA muhandislari fevraldagi nosozlikning bir nechta ehtimoliy sababini aniqladi va soplo konstruksiyasi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga oʻzgartirishlar kiritdi. Missiyada soploning takomillashtirilgan varianti oʻrnatiladi, qoʻshimcha sinovlar va tahlil esa bir vaqtda davom etadi.





