Call of Duty Seuldagi fojiaga oid haqiqiy lavhalardan foydalangani uchun tanqid qilindi
Lavhalarda jabrlanganlarni qutqarish jarayoni va koʻchadagi jasadlar aks etgan, oʻyin noshiri esa fojiaga bepisand munosabat bildirishni istamaganini maʼlum qildi.

Seulning Itevon tumanida yuz bergan tiqilinch qurbonlarining qarindoshlari Call of Duty: Modern Warfare 4 oʻyinidan 2022-yildagi fojiaga oid haqiqiy lavhalarni olib tashlashni talab qildi. Bir nechta qisqa lavha oʻyinning kirish roligida Shimoliy Koreyaning xayoliy bosqini oqibatlarini tasvirlash uchun ishlatilgan.
The Guardian nashrining yozishicha, yozuvlarni janubiy koreyalik oʻyinchilar payqab qolgan. Shundan soʻng mahalliy telekanallar oʻyindagi sahnalarni fojia yuz bergan tunda tasvirga olingan materiallar bilan taqqoslagan.
Qurbonlar oilalari birlashmasi va jamoat tashkilotlari qoʻshma bayonotida bu lavhalarning koʻngilochar asarda ishlatilganini qoraladi. Ular voqea guvohlari va qutqaruv ishlarida qatnashganlar hanuz sodir boʻlgan voqea oqibatlarini boshdan kechirayotganini taʼkidladi. Janubiy Koreya Oʻyin foydalanuvchilari assotsiatsiyasi ham noshirni uzr soʻrashga va bahsli lavhalarni almashtirishga chaqirdi.
Activision Yonhap agentligiga oʻyinning kirish qismida badiiy hikoya doirasida haqiqiy yangiliklar lavhalaridan foydalanilganini tasdiqladi. Kompaniya muayyan fojiali voqealarga, jumladan, Itevondagi fojiaga ishora qilish yoki ularning ahamiyatini kamaytirishni maqsad qilmaganini bildirdi.
Tanqidlar falokatning toʻrtinchi yilligi arafasida yangradi. Tiqilinch 2022-yil 29-oktabr kuni Xellouin bayrami paytida yuz bergan. Oʻshanda 158 kishi halok boʻlgan, keyinroq yana ikki vafot etgan kishi fojia oqibatlari qurbonlari deb tan olingan.
Modern Warfare 4 syujeti Shimoliy Koreya bosqiniga qarshi kurashadigan janubiy koreyalik dengiz piyodasiga bagʻishlangan. Haqiqiy falokatga oid hujjatli lavhalarning aynan shu xayoliy harbiy kontekstga kiritilgani qurbonlar oilalarining noroziligiga sabab boʻldi.





