eBayʼda 60 mln dollarga superkompyuter sotuvga qoʻyildi — yetkazib berish bepul
Mashhur savdo platformasida noodatiy eʼlon paydo boʻldi: xaridorlarga avval maʼlumotlar markazida ishlatilgan ulkan hisoblash majmuasi taklif qilinmoqda.
eBayʼda Core 4 Solutions kompaniyasi sunʼiy intellekt vazifalari uchun moʻljallangan hisoblash majmuasini 59,7 mln dollarga sotuvga qoʻydi. Uskuna ishlatilgan boʻlib, xaridor oʻz narxini taklif qilishi mumkin.
Lot koʻlami savdo platformasidagi odatiy xaridlardan ancha farq qiladi. Majmua 300 ta server stoykasini egallaydi va uning tarkibiga 9600 ta Nvidia A100 tezlatkichi, 4200 ta AMD EPYC Rome protsessori hamda taxminan 1,4 PB operativ xotira kiradi. Protsessor yadrolarining umumiy soni 268 800 taga yetadi.
Har bir stoykaga toʻrttadan hisoblash uzeli joylashtirilgan. Ularning har biri 40 GB xotirali sakkizta A100 tezlatkichi, 64 yadroli ikkita EPYC protsessori va 1 TB DDR4-2933 operativ xotira bilan jihozlangan. Bundan tashqari, ikkita protsessor va har birida 192 GB operativ xotiraga ega uchta boshqaruv serveri ham mavjud.
Koʻrsatilgan 1,4 PB serverlarning operativ xotirasiga tegishli. Tezlatkichlarning oʻz videoxotirasi bor: butun majmua boʻyicha uning hajmi yana 384 TB ni tashkil etadi.
Xarid koʻlami katta boʻlishiga qaramay, eʼlonda olishning odatiy variantlari koʻrsatilgan: Minneapolisdan bepul olib ketish yoki FedEx Ground / Home Delivery orqali bepul yetkazib berish. Shunday qilib, xaridorga qariyb 60 mln dollarga yuzlab stoykalardan iborat hisoblash infratuzilmasini odatda alohida butlovchi qismlar buyurtma qilinadigan oʻsha platformaning oʻzida sotib olish taklif qilinmoqda.




