Quyosh shamoli Yerga yaqinlashmoqda: magnit boʻroni kutilmoqda
Geomagnit boʻronlar 31-oktabr va 1-noyabr kunlari prognoz qilinmoqda

NOAAning kosmik ob-havoni prognozlash markazi besh pogʻonali shkaladagi eng past daraja — G1 darajasidagi magnit boʻronlari yuz berishi mumkinligidan ogohlantirdi. Geomagnit faollikning kuchayishi 31-oktabr va 1-noyabr kunlari kutilmoqda.
Bunga toj teshigidan chiqayotgan quyosh shamolining yuqori tezlikdagi oqimi sabab boʻladi. Toj teshigi — zaryadlangan zarralar sayyoralararo fazoga osonroq chiqib ketadigan Quyosh atmosferasi sohasi. Bunday oqim Yerning magnit maydoni bilan oʻzaro taʼsirlashganda geomagnit bezovtaliklar yuzaga kelishi mumkin.
NOAA prognoziga koʻra, 31-oktabr kuni Kp indeksining maksimal qiymati 5 ga yetadi, bu kuchsiz magnit boʻroniga mos keladi. Ushbu daraja Toshkent vaqti bilan 05:00 dan 08:00 gacha boʻlgan vaqt oraligʻida kutilmoqda.




