Frontier superkompyuteri ilk Koinotning batafsil simulyatsiyasini yaratdi
Lumina simulyatsiyasi ilk galaktikalar va qora tuynuklar galaktikalararo gazni qanday oʻzgartirganini koʻrsatdi

Xalqaro tadqiqotchilar jamoasi ilk Koinotning keng koʻlamli kompyuter simulyatsiyasi — Luminaʼni taqdim etdi. Hisob-kitoblar AQShdagi Oak-Rij milliy laboratoriyasining Frontier superkompyuterida amalga oshirildi.
Model bir tomoni 500 megaparsek boʻlgan — hozirgi oʻlchovlarda taxminan 1,6 mlrd yorugʻlik yiliga teng — hududni qamrab oladi. Loyiha ishtirokchilarining aytishicha, uning hajmi avvalgi eng yaxshi taqqoslanadigan simulyatsiyalar hajmidan qariyb 100 baravar katta. Shu bilan birga, undagi batafsil tasvir alohida shakllanayotgan galaktikalarni oʻrganish imkonini beradi.
Lumina hisoblashni Katta portlashdan taxminan 45 mln yil oʻtganidan keyingi davrdan boshlaydi va Koinotning dastlabki ikki milliard yili davomida rivojlanishini kuzatib boradi. Unda gaz, qorongʻi materiya, yulduzlar va nurlanishning oʻzaro taʼsiri hisobga olingan.
Tadqiqotchilar reionizatsiya — galaktikalararo gaz atomlaridan elektronlarni nurlanish uzib oladigan jarayonlar — ga alohida eʼtibor qaratdi. Vodorod holatida bunday nurlanishning asosiy manbai ilk yulduzlar va galaktikalar boʻlgan. Geliyning keyingi reionizatsiyasi esa, avvalo, faol oʻta katta massali qora tuynuklarning yuqori energiyali nurlanishi bilan bogʻliq.
Olimlar har ikki jarayonni bitta modelda kuzatib, gaz harorati va holati qanday oʻzgarganini hamda bu oʻzgarishlar kosmik tuzilmalarning keyingi evolyutsiyasiga qanday taʼsir koʻrsatganini oʻrganishi mumkin.
Hisob-kitoblar uchun Frontierʼning 1884 ta hisoblash tuguni — 105 mingdan ortiq protsessor yadrosi va 7536 ta AMD tezlatgichi — jalb qilindi. Simulyatsiya 432 mlrd hisoblash elementini oʻz ichiga oladi.
Lumina nazariy bashoratlarni teleskop kuzatuvlari bilan taqqoslash va ilk galaktikalar bilan ularni oʻrab turgan muhit oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganishga yordam beradi. Ish natijalari Monthly Notices of the Royal Astronomical Society jurnalida eʼlon qilindi.




