Videokartalar butun dunyoda uchinchi oy qimmatlashmoqda — oʻsish 35 foizga yetdi
Hardware Unboxed maʼlumotlariga koʻra, narxlarning oshishi GeForce, Radeon va Intel Arc videokartalariga taʼsir qilgan.
Videokarta sotib olish tobora qimmatlashmoqda: soʻnggi uch oyda tadqiq etilgan bozorlarda narxlar qariyb 35 foizga oshdi. Bu haqda 3DNews kanalning oktabr oyidagi tahliliga tayanib xabar berdi.
Tadqiqot oʻnta davlat, jumladan AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya va Polsha bozorlarini qamrab oladi. Mualliflar har bir modelning sotuvda mavjud modifikatsiyalari orasidagi eng past narxlarni taqqoslagan. Demak, gap doʻkonlardagi barcha videokartalarning oʻrtacha narxi haqida emas, balki sotib olish mumkin boʻlgan eng arzon variant qiymati haqida bormoqda.
Avgustda oʻsish qariyb 15 foizni, sentabrda esa yana 7 foizni tashkil etdi. Oktabrda GeForce RTX 5090 hisobga olinmaganda, narxlar oʻrtacha 10 foizga oshdi. Nvidia flagmani ham qoʻshib hisoblanganda, oylik koʻrsatkich 11 foizga yetadi.
Yuqori darajadagi GeForce videokartalari eng koʻp qimmatlashmoqda
GeForce RTX 5090 oktabr oyida tadqiq etilgan bozorlarda oʻrtacha 32 foizga qimmatlashdi. Keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, AQShda sotuvda mavjud eng past narx 6890 dollardan 9400 dollargacha, Germaniyada esa 5640 yevrodan 8000 yevrogacha oshdi.
GeForce RTX 5080 oʻrtacha 22 foizga qimmatlashdi. AQShda uning eng past narxi 1580 dollardan 2200 dollargacha oshdi — bu qariyb 39 foizga teng. Germaniyada narx 2100 yevroga yetdi, bu sentabr darajasidan 40 foiz yuqori. Mualliflar ushbu model ayrim savdo tarmoqlarida cheklangan miqdorda mavjudligini ham qayd etdi.
AMD va Intel videokartalari ham qimmatlashdi
Narxlarning oʻsishi boshqa brendlarga ham taʼsir qildi. 16 GB xotiraga ega Radeon RX 9060 XT oʻrtacha 17 foizga, RX 9070 va RX 9070 XT esa 12 foizga qimmatlashdi. Intel Arc B580 narxi qariyb 10 foizga oshdi.
Hardware Unboxed bahosiga koʻra, RTX 5090 hisobga olinmaganda, tadqiq etilgan modellar narxi chiqarilgan paytdagi tavsiya etilgan narxlardan oʻrtacha 44 foiz yuqori. Taqqoslashda mualliflar valyuta kurslari va mahalliy soliqlarni ham hisobga olgan.
Oktabrda qimmatlashish endi faqat Nvidia flagmanlari bilan cheklanib qolmadi: u uch ishlab chiqaruvchining kuzatilgan modellarining aksariyatini qamrab oldi. Tahlil mualliflari hozircha narxlarning tez orada tavsiya etilgan darajaga qaytishi belgilarini koʻrmayapti.




