Meta universitetlarga tibbiyot va ilm-fanda sunʼiy intellektdan foydalanish uchun $2 mln ajratadi
Meta AQShdagi besh universitetga $2 mln ajratadi hamda ularga oʻz modellaridan foydalanish imkoniyati va tadqiqot koʻmagini taqdim etadi. Olimlar ushbu resurslardan tibbiyot, fizika, kimyo, biologiya, informatika va matematika boʻyicha loyihalarda foydalanadi.
Hamkorlik doirasida California Institute of Technology, The Ohio State University College of Medicine, Louisiana State University, Indiana University va UTHealth Houston faoliyat yuritadi. Tadqiqotchilar, shuningdek, tibbiyot loyihalarida Metaʼning aralash reallik koʻzoynaklari va garnituralaridan foydalanishlari mumkin.
Louisiana State Universityʼda Maykl Danem jamoasi chaqaloqlarda traxeostomiya naychalarining siljishi va holat yomonlashuvi belgilarini uzluksiz nazorat qilish uchun Eyes-On tizimini ishlab chiqmoqda. Loyiha bemor yotogʻi yonidagi kameralarga va periferik hisoblash tizimlariga ulangan, ochiq ogʻirliklarga ega SAM modellaridan foydalanishni oʻrganadi; uning konsepsiyasi allaqachon eʼlon qilingan.
Indiana Universityʼda Devid Krendall demensiya bilan yashayotgan keksa odamlar bilan suhbatlarni tahlil qilishda multimodal sunʼiy intellektdan foydalanishni tadqiq qilmoqda. The Ohio State University College of Medicineʼda Yuan Syue kardiolog Yuchi Xan va tadqiqotchi Sya Nin bilan birga Meta modellari qorin boʻshligʻi kompyuter tomografiyasi, tibbiy qaydlar va EKG maʼlumotlari asosida yurak yetishmovchiligi xavfini oldindan baholay oladimi-yoʻqmi, shuni oʻrganmoqda.




