«Marsda» 378 kun: NASA izolyatsiya tajribasini yakunladi
31 oktabr kuni NASA CHAPEA 2-missiyasining toʻrt ishtirokchisi Mars Dune Alpha modulidan chiqdi: ular bungacha germetik modulda 378 kun oʻtkazgan edi. Marsga parvoz yer sharoitidagi simulyatsiya boʻlgani uchun ekipaj Yer gravitatsiyasi va atmosfera himoyasi ostida boʻldi.

31 oktabr kuni NASAning CHAPEA dasturi doirasidagi ikkinchi missiya — boʻlajak Mars tadqiqotchilari hayotining ayrim sharoitlarini takrorlovchi tajriba — yakunlandi. Toʻrt ishtirokchi 378 kunlik izolyatsiyadan soʻng Mars Dune Alpha modulini tark etdi.
Tajriba 2025 yil 19 oktabrda Xyustondagi Jonson nomidagi kosmik markazda boshlandi. Shu vaqt davomida Ross Elder, Ellen Ellis, Metyu Montgomeri va Jeyms Spayser maydoni qariyb 158 kvadrat metr boʻlgan 3D-printerda chop etilgan modulda yashadi va ishladi. Modul ichida shaxsiy xonalar, oshxona, tibbiy zona, ish joylari, trenajyorlar hamda oʻsimlik yetishtirish uskunalari joylashtirilgan edi.
Ekipajning kundalik hayoti haqiqiy ekspeditsiya jadvalini eslatardi. Ishtirokchilar uskunalarga xizmat koʻrsatdi, robotlarni boshqardi, jismoniy mashqlar bilan shugʻullandi va oziq-ovqat mahsulotlarini, jumladan pomidor hamda qalampir yetishtirdi. Shuningdek, ular Mars yuzasiga chiqishlarni ham simulyatsiya qildi.
Asosiy sinovlardan biri tashqi guruh bilan aloqa boʻldi. Xabarlar bir tomonga 22 daqiqagacha boʻlgan sunʼiy kechikish bilan yetkazildi, shu bois javobni kutish qariyb 44 daqiqa davom etishi mumkin edi. Bu ishtirokchilarni koʻproq qarorlarni mustaqil qabul qilishga majbur qildi.
May oyida sharoitlar yanada murakkablashtirildi: ekipaj qariyb ikki hafta davomida boshqaruv markazi bilan aloqasiz qoldi. Ishni avvaldan tayyorlangan tartib-taomillar asosida davom ettirishga, yuzaga kelgan muammolarni baza ichida mavjud resurslar yordamida hal qilishga toʻgʻri keldi.
NASA uzoq davom etadigan izolyatsiya, cheklangan zaxiralar va texnik nosozliklar kichik guruhning salomatligi, ruhiy holati hamda ish qobiliyatiga qanday taʼsir qilishini oʻrganmoqda. Yigʻilgan maʼlumotlar boʻlajak ekspeditsiyalarni rejalashtirish, yashash modullarini loyihalash va Yerdan uzoqda boʻladigan odamlarga qanday yordam kerakligini aniqlashga koʻmaklashadi.
Biroq CHAPEA, avvalo, turmush va tashkiliy qiyinchiliklarni takrorlaydi. Ishtirokchilar Yer gravitatsiyasi va atmosfera himoyasi ostida qolgan — tajriba Marsdagi past gravitatsiya kuchi hamda kosmik radiatsiya taʼsirini modellashtirmadi.
CHAPEAning birinchi missiyasi 2024 yil iyulida yakunlangan va u ham 378 kun davom etgan. NASA yer sharoitidagi tadqiqotlarning navbatdagi bosqichini 2027 yil avgustidan oldin boshlamaslikni rejalashtirmoqda. Yangi tajriba HERA va CHAPEA dasturlari elementlarini birlashtiradi: bir modul kosmik kemani, ikkinchisi esa Oy yoki Mars yuzasidagi bazani simulyatsiya qiladi.



