Meta uy yumushlarini bajara oladigan odamsimon robot prototipini yaratdi
The Information maʼlumotlariga koʻra, Meta xitoylik Fourier kompaniyasi bilan hamkorlikda uy ishlarida yordam berishga moʻljallangan odamsimon robot prototipini taxminan uch oyda ishlab chiqdi. Kompaniya hozirda Max 2 kod nomi ostida qurilmaning ikkinchi versiyasi ustida ham ishlamoqda, biroq robotni ommaviy bozorga chiqarish sanasini hozircha belgilamagan.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, prototip xitoylik robot ishlab chiqaruvchi Fourier kompaniyasi bilan hamkorlikda taxminan uch oyda yaratildi. Mashinaning boʻyi qariyb 1,5 metr, ogʻirligi esa taxminan 48 kilogramm.
Max robotga yuz ifodasini aks ettirish imkonini beradigan ekran, ichki dinamik va kichik buyumlarni ushlashga moʻljallangan qoʻllar bilan jihozlangan. Nashrda taʼkidlanishicha, uning hisoblash bazasi robototexnika uchun moʻljallangan Nvidia Jetson Thor platformasi boʻlgan.
Meta sentabrdan beri keyingi prototip — Max 2 ustida ishlamoqda. Ikkinchi versiyada korpus va qoʻl panjalarini qayta ishlash, shuningdek, robotga zinapoyalardan yaxshiroq oʻtishda yordam berishi kerak boʻlgan proyektor hamda qoʻshimcha sensorlarni qoʻshish rejalashtirilgan.
Isteʼmolchilar uchun moʻljallangan versiyani chiqarish muddati hozircha belgilanmagan. Taʼriflangan ishlanma savdoga chiqariladigan tayyor uy yordamchisi emas, balki prototip boʻlib qolmoqda.
Metaʼning odamsimon robototexnika sohasidagi rejalari haqida 2025 yildayoq maʼlum boʻlgan. Oʻshanda Bloomberg kompaniya maxsus guruh tuzgani, uning maqsadlaridan biri uy yumushlari uchun moʻljallangan mashinalarni ishlab chiqish boʻlganini xabar qilgan. 2026 yilda esa kompaniya robotlar uchun sunʼiy intellekt ustida ishlovchi startapni ham sotib oldi.




