AQSh armiyasining sobiq vaziri OpenAIʼda xavfsizlik sohasida sunʼiy intellektni joriy etish bilan shugʻullanadi
Den Driskoll kompaniyaning milliy xavfsizlikni modernizatsiya qilish boʻyicha katta maslahatchisi boʻladi. U OpenAIʼga davlat tuzilmalari va AQSh ittifoqchilari bilan ishlashda yordam beradi

OpenAI AQSh armiyasining sobiq vaziri Den Driskollni milliy xavfsizlikni modernizatsiya qilish boʻyicha katta maslahatchi lavozimiga tayinlaganini eʼlon qildi.
Driskoll kompaniya rahbariyatiga sunʼiy intellektdan milliy va kiberxavfsizlik sohalarida foydalanish boʻyicha maslahat beradi. Uning vazifalariga davlat idoralari, sanoat korxonalari, universitetlar va ittifoqchi mamlakatlardagi hamkor tashkilotlar bilan hamkorlik qilish kiradi.
Yana bir yoʻnalish — OpenAIʼning ichki jamoalariga milliy xavfsizlik xizmatlarining amaliy ehtiyojlarini tushunishda yordam berish. Kompaniya oʻz texnologiyalarining imkoniyatlarini bunday tashkilotlarning ish jarayonlari va boshqaruvidagi oʻzgarishlar bilan bogʻlashni rejalashtirmoqda.
Driskoll avval AQSh armiyasining 26-vaziri lavozimida ishlagan. Bu lavozimda u quruqlikdagi qoʻshinlar faoliyati, ularni modernizatsiya qilish va resurslarni taqsimlash uchun masʼul boʻlgan.
Uning oʻzi sunʼiy intellektdan foydalanishning mumkin boʻlgan yoʻnalishlari qatorida qogʻozbozlikni kamaytirish, katta hajmdagi maʼlumotlarni qayta ishlash va xodimlarga zarur maʼlumotlarni yetkazishni tezlashtirishni sanab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, vazifa AQSh va uning ittifoqchilariga yangi texnologiyalardan masʼuliyat bilan foydalanishga yordam berishdan iborat.
OpenAI bu tayinlovni kiberbarqarorlik va hayotiy muhim xizmatlarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bilan bogʻlamoqda. Bu hamkorlik, jumladan, Daybreak dasturi doirasida rivojlantiriladi.





