Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Industriya

Nvidia Xitoy kompaniyalarining xorijiy bulutlar orqali sunʼiy intellekt hisoblash quvvatlariga kirishini cheklamoqda

Financial Times maʼlumotlariga koʻra, Nvidia bulutli xizmat koʻrsatuvchi hamkorlariga ularning xizmatlarining kamida 51 foizi Xitoy bilan bogʻliq boʻlmagan kompaniyalarga toʻgʻri kelishi kerakligini bildirgan. Yangi shartlar amaldagi shartnomalarga taalluqli emas.

3-noyabr, 17:03По-русски

Read in English

3dnews.ru — nvidia.com

Nvidia oʻzining tezlatkichlari asosida bulutli hisoblash xizmatlarini taqdim etayotgan hamkorlarini xitoylik mijozlarga qaramlikni kamaytirishga chaqirdi. Bu haqda nashr vaziyatdan xabardor boʻlgan besh suhbatdoshiga tayanib xabar berdi.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi oylarda kompaniya bulutli xizmat provayderlarini ularning xizmatlarining kamida 51 foizi Xitoy bilan bogʻliq boʻlmagan kompaniyalarga sotilishi kerakligi haqida xabardor qilgan. Shartlar Nvidiaʼning savdo boʻlimi xodimlari va mintaqaviy boʻlinmalari orqali ogʻzaki yetkazilgan. Kompaniya batafsil qoidalar bayon etilgan ommaviy hujjatni taqdim etmagan.

FT yozishicha, oʻzgarish boʻlajak shartnomalarga taalluqli boʻlib, faqat Osiyodagi maʼlumotlar markazlariga emas, butun dunyodagi hamkorlarga nisbatan qoʻllanadi. U amaldagi kelishuvlarga taʼsir qilmaydi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Xorijdagi hisoblash quvvatlarini ijaraga olish xitoylik ishlab chiquvchilarga AQShning eksport cheklovlari sabab Xitoyga bevosita yetkazib berish mumkin boʻlmagan ilgʻor tezlatkichlar bilan ishlash imkonini beradi. Bunday resurslardan, xususan, sunʼiy intellekt modellarini oʻqitish va ishga tushirishda foydalaniladi.

Yangi shart bu yoʻlni murakkablashtirishi mumkin, biroq u xitoylik mijozlardan butunlay voz kechishni nazarda tutmaydi. Bunday buyurtmachilar ulushi yuqori boʻlgan provayderlarga mijozlar bazasini kengaytirishga toʻgʻri keladi.

Oʻzgarish, ayniqsa, Janubi-Sharqiy Osiyodagi maʼlumotlar markazlari operatorlari uchun sezilarli boʻlishi mumkin. Singapur kompaniyalaridan birining vakili FTʼga Xitoy bilan bogʻliq boʻlmagan yetarli miqdordagi mijozlarni topish oson emasligini, shartning qatʼiy qoʻllanishi esa biznesga zarar yetkazishini aytdi.

Nvidia izohida AQSh chiplariga asoslangan infratuzilmaning AQShlik ishlab chiquvchilarning global raqobatbardoshligi uchun muhimligini taʼkidladi. Biroq eʼlon qilingan bayonotda kompaniya mijozlar ulushini aynan qanday tekshirishi va yangi shartlarni qanday qoʻllashi ochiqlanmagan.

Yana oʻqing