Romantik AI-hamrohlar App Storeʼda 18+ reytingini oladi
2026-yil 16-noyabrdan boshlab Apple App Store Connectʼda tanishuvlar va geolokatsiya haqida savollarni qoʻshadi, romantik funksiyalarga ega ilovalar esa kamida 18+ reytingini oladi.

Yosh reytingini belgilash anketasida ishlab chiquvchilar ilova foydalanuvchining joylashuv maʼlumotlarini ulashadimi, shuningdek, haqiqiy odamlar va virtual hamrohlar bilan tanishish yoki romantik muloqotni qoʻllab-quvvatlaydimi — shu maʼlumotlarni koʻrsatishi kerak boʻladi. Bunday ilovalar uchun Apple eng past reytingni 18+ qilib belgilaydi.
Yangi maydonlar yangilanishlarni yuborishda va reytingni oʻzgartirishda paydo boʻladi. Barcha ilovalar boʻyicha maʼlumotlar 2027-yil 12-yanvargacha toʻldirilishi kerak. Ayrim hududlarda geolokatsiya maʼlumotlarini uzatish reytingga taʼsir qilishi mumkin: masalan, Braziliyada buning uchun A16 reytingi, tanishuv funksiyalari uchun esa A18 reytingi belgilangan.





