Galaxy Ring uyqudagi apnoe belgilarini aniqlay oladi
Samsung FDA ruxsatini olgan nafas olish buzilishlarini baholash funksiyasini aqlli uzukka qoʻshdi. Tekshiruv uchun oʻn kun ichida ikki kechaga oid maʼlumotlar kerak boʻladi

Samsung AQShda Galaxy Ring uchun yangilangan Sleep Apnea funksiyasi ishga tushirilganini eʼlon qildi. U uyqu paytida nafas olish qayta-qayta toʻxtab qoladigan buzilish — oʻrtacha va ogʻir darajadagi apnoe belgilarini aniqlashga yordam beradi.
Yangilangan algoritm qondagi kislorod darajasi va uyqu paytidagi harakatlar kabi koʻrsatkichlarni tahlil qiladi. Foydalanuvchiga xavfni baholashdan tashqari, bir soatdagi taxminiy nafas olish buzilishlari soni haqida ham maʼlumot beriladi.
Tekshiruv Samsung Health Monitor ilovasi orqali mos keluvchi smartfon va taqiladigan qurilma yordamida amalga oshiriladi. Buning uchun oʻn kunlik davr ichida ikki kechaga oid tahlil qilish uchun yaroqli maʼlumotlarni toʻplash kerak.
Funksiya ilgari apnoe tashxisi qoʻyilmagan 18 yosh va undan katta foydalanuvchilar uchun moʻljallangan. U shifokor koʻrigini va davolashini almashtirmaydi, biroq natijalarni mutaxassis bilan muhokama qilishga sabab boʻlishi mumkin.
Samsung maʼlumotiga koʻra, yangilangan versiya 2026-yil iyul oyida FDA ruxsatini, undan keyin esa Janubiy Koreya regulyatori MFDS maʼqullovini olgan. Galaxy Watch uchun dastlabki funksiya FDA tomonidan 2024-yil fevralida ruxsat etilgan edi.
Yangi imkoniyat Wear OS 7.0 yoki undan keyingi versiyada ishlaydigan Galaxy Watch9’da ham mavjud. Kompaniya Galaxy Watch7 va Watch8 qurilmalarini qoʻllab-quvvatlashni keyingi yangilanishlar orqali qoʻshishni vaʼda qilmoqda.
Samsung funksiya geografiyasini kengaytirishni rejalashtirmoqda, biroq uning boshqa mamlakatlarda paydo boʻlish muddatlari hozircha oshkor etilmagan.





