Google Quick Shareʼni Android va iPhone ilovalariga oʻrnatishga imkon beradi
Ishlab chiquvchilar internetga ulanmasdan fayllarni bevosita uzatish funksiyasini oʻz ilovalariga qoʻsha oladi. Google buning uchun zarur vositalarni 2027-yilning birinchi yarmida chiqarishni rejalashtirmoqda

Google Quick Share SDK — fayl almashish funksiyasini uchinchi tomon ilovalariga oʻrnatish uchun moʻljallangan vositalar toʻplamini taqdim etdi. U Android Dev Summit 2026 konferensiyasida namoyish etildi. Qoʻllab-quvvatlash Android va iOS uchun koʻzda tutilgan.
Hozir Quick Share orqali fayl yuborish uchun ilovadan chiqib, tizimdagi «Ulashish» menyusiga oʻtish, soʻngra servisning toʻliq ekranli interfeysini ochish kerak. Yangi vositalar ishlab chiquvchilarga bu jarayonni qisqartirish imkonini beradi: ilovaning oʻzida yuborilayotgan fayllarni oldindan koʻrish mumkin boʻlgan kichik panel ochiladi.
Fayllar yaqin atrofdagi qurilmalar oʻrtasida bevosita uzatiladi. Googleʼning taʼkidlashicha, ulanish uchidan uchigacha shifrlash bilan himoyalanadi va internetga kirishsiz ishlaydi. Fotosurat va videolarni siqmasdan yuborish mumkin boʻladi.
Vositlar toʻplami ulanishni sozlashni, jumladan, ulanish nuqtasini yaratish va mos qurilmalarda Wi-Fi Directʼdan foydalanishni ham oʻz zimmasiga oladi. Ishlab chiquvchilarga fayllarni uzatish uchun oʻz serverlarini saqlash talab etilmaydi.
Google Quick Share SDKʼni 2027-yilning birinchi yarmida chiqarishni rejalashtirmoqda. Shundan keyin funksiyaning muayyan ilovalarda paydo boʻlishi ularning ishlab chiquvchilariga bogʻliq boʻladi: fayl almashish barcha dasturlarda avtomatik ravishda paydo boʻlmaydi.





