AMDʼning oʻyinlar boʻyicha daromadi 40 foizga kamaydi, biroq maʼlumotlar markazlari kompaniyaga rekord natija keltirdi
Server protsessorlari va sunʼiy intellekt tezlatkichlari savdosi maʼlumotlar markazlari yoʻnalishi daromadini qariyb ikki baravar oshirdi. Shu tufayli, oʻyin biznesidagi pasayishga qaramay, AMDʼning umumiy daromadi 45 foizga oʻsdi

AMD 2026 yilning uchinchi choragini rekord darajadagi 13,38 mlrd dollar daromad bilan yakunladi — bu bir yil avvalgidan 45 foizga koʻp. Oʻsishning asosiy manbai maʼlumotlar markazlari uchun yechimlar boʻldi.
Bu yoʻnalish 8,55 mlrd dollar daromad keltirdi, uning daromadi esa 97 foizga oshdi. Kompaniya bu natijani EPYC server protsessorlariga boʻlgan yuqori talab hamda Instinct MI450 sunʼiy intellekt tezlatkichlarining ishga tushirilishi bilan izohladi. AMD umumiy choraklik daromadining qariyb 64 foizi maʼlumotlar markazlari yoʻnalishiga toʻgʻri keldi.
Oʻyinlar yoʻnalishida esa, aksincha, daromad 40 foizga kamayib, 773 mln dollarni tashkil etdi. U grafik yechimlar bilan birga yarim buyurtma asosida ishlab chiqilgan konsol chiplarini ham oʻz ichiga oladi. Shu sababli bu raqamlarni Radeon videokartalari savdosining 40 foizga pasayishi sifatida talqin qilib boʻlmaydi: kompaniya alohida taqsimot taqdim etmadi.
Mijozlar uchun mahsulotlar biznesi daromadi Ryzen mobil protsessorlari savdosi hisobiga 7 foizga oʻsib, 2,95 mlrd dollarga yetdi.
AMD rahbari Liza Su EPYC va Instinct mahsulotlariga talab kuchayishda davom etayotganini aytdi. Kompaniya Helios tizimlari va Venice kod nomli protsessorlar ishlab chiqarishini oshirishi barobarida toʻrtinchi chorakda oʻsishni tezlashtirishga umid qilmoqda.
Keyingi chorak uchun AMD qariyb 17 mlrd dollar daromad prognoz qilmoqda.





