NASAning ikki zondi Mars tomon tezlik olish uchun Yerga qaytadi
ESCAPADE apparatlari 7 va 9 noyabr kunlari manyovrlarni amalga oshiradi. Yerning tortish kuchi va dvigatellarning toʻqqiz daqiqa ishlashi ularni Qizil sayyora tomon yoʻnaltiradi

NASAning ESCAPADE missiyasiga mansub ikki apparat Marsga parvozining muhim bosqichiga tayyorgarlik koʻrmoqda. Qariyb bir yil oraliq trayektoriyada boʻlganidan soʻng, ular Yer yaqinidan oʻtib, keyingi parvoz uchun uning tortish kuchidan foydalanadi.
Birinchi manyovr 7 noyabr kuni Toshkent vaqti bilan taxminan soat 15:00 ga, ikkinchisi esa 9 noyabr kuni soat 16:00 atrofida rejalashtirilgan. Eng yaqin yaqinlashuv paytida har bir apparat dvigatelini taxminan toʻqqiz daqiqaga yoqadi.
Gravitatsion manyovr va dvigatelning ishlashi birgalikda harakat yoʻnalishini oʻzgartirish hamda tezlikni qoʻshimcha ravishda oshirish imkonini beradi. Shundan soʻng zondlar qariyb oʻn oy yoʻl bosadi. Ularning Marsga yetib borishi tegishlicha 2027 yil 7 va 9 sentabr kunlari kutilmoqda.
ESCAPADE 2025 yil 13 noyabrda uchirilgan. Toʻgʻridan-toʻgʻri parvoz oʻrniga apparatlar Quyosh — Yer tizimining L2 Lagranj nuqtasi yaqinidagi kutish trayektoriyasiga yoʻnaltirilgan. Bu sxema sayyoralarning oʻzaro qulay joylashuvini kutish imkonini berdi.
Marsda zondlar quyosh shamolining sayyoraning yuqori atmosferasi va magnit muhiti bilan oʻzaro taʼsirini oʻrganadi. Ikki apparatdan bir vaqtda olingan oʻlchovlar bu jarayonlar atmosfera gazining yoʻqolishiga qanday olib kelishini tushunishga yordam beradi.
Kutish davrida missiya qoʻshimcha ilmiy maʼlumotlarni ham toʻpladi: apparatlar Yer magnit dumining uzoqdagi hududidan oʻtdi. Bu magnitosferaning quyosh shamoli taʼsirida Quyoshdan narigi tomonga choʻzilgan qismidir. NASA xabariga koʻra, tadqiqotchilar ushbu kuzatuvlar natijalarini alohida taqdim etishni rejalashtirmoqda.





