Snapchatʼdagi pullik obunachilar soni 30 milliondan oshdi
Snap kompaniyasi uchinchi chorak hisobotida Snapchatʼdagi pullik obunachilar soni 30 mln.dan oshganini maʼlum qildi.

Bu koʻrsatkichga Snapchat+, Memories Storage va Lens+ obunalari kiradi. Bazaviy Snapchat+ eksklyuziv va sinovdan oʻtkazilayotgan funksiyalardan foydalanish imkonini beradi. Lens+ qoʻshimcha linzalar va kengaytirilgan reallik imkoniyatlarini taklif qiladi, Snapchat+ Platinum esa reklamasiz ishlashni taʼminlaydi.
Bir yil avval Snap Memories xotiralarini bepul saqlashni cheklashini eʼlon qilgandi. Foydalanuvchilarga qoʻshimcha joy uchun haq toʻlash yoki xotiralarini saqlab qolish uchun Snapchat+ xizmatini ulash taklif qilindi.
Snap bosh direktori Evan Shpigel investorlar bilan suhbatda sunʼiy intellektga asoslangan funksiyalar Lens+ natijalari kompaniya kutganidan yuqori boʻlishiga yordam berganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, pullik obunalar hozircha oylik auditoriyaning kichik qismini qamrab oladi. Shu sababli Snap qamrovni kengaytirish va yangi premium funksiyalarni joriy etish orqali oʻsish imkoniyatlarini koʻrmoqda.
Hisobot natijalari fonida, kompaniya reklama tushumi va auditoriya oʻsishi boʻyicha kutilmalarga erisha olmagach, Snap aksiyalari 12 foizga pasaydi. Chorak davomida kunlik faol foydalanuvchilar soni 495 mlnni tashkil etdi; bundan avvalgi chorakda bu koʻrsatkich 493 mln edi. Natija tahlilchilarning 499 mlnlik prognozidan past boʻldi.
Shpigel reklama tushumining oʻsishi kompaniya maqsadidan pastligicha qolayotganini qoʻshimcha qildi. Snap mijozlar uchun reklama samaradorligini oshirishni hamda biznes foydalanuvchilar bilan oʻzaro aloqa qilishi mumkin boʻlgan usullarni kengaytirishni rejalashtirmoqda.





