Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Industriya

Uztelecom aloqa operatoridan raqamli ekotizimga qanday aylanayotganini maʼlum qildi

Uztelecom marketing departamenti direktori Jahongir Adilov The Mag jurnaliga bergan intervyusida milliy aloqa operatori nega elektromobillarni quvvatlantirishi, sugʻurta polislarini rasmiylashtirishi va usta topishga yordam berishi, kompaniya qaysi yoʻnalishlarga qoʻl urmasligi hamda telekommunikatsiya sohasi besh yildan keyin qanday boʻlishi haqida soʻzlab berdi.

5-noyabr, 14:23По-русски

Read in English

Ruslan Mardanov

Boshlangʻich nuqta — oddiy oʻzgarish: aloqa endi tanqis emas. Bugun internetdan deyarli hamma foydalanadi, tezlik esa bir yil ichida bir yarim baravar oshdi. Adilovning aytishicha, aloqa muvaffaqiyatli ishlayotgan har qanday infratuzilmaning taqdirini boshdan kechirdi: u kerakli darajada ishlasa, odamlar shunchaki unga eʼtibor bermay qoʻyadi.

«Elektr energiyasi ham bir paytlar moʻjiza edi, bugun esa uni faqat boʻlmaganda eslaymiz. Bu kompaniya uchun alam qiladimi? Ehtimol. Ammo umuman olganda, bu ishimizni uddalagan imizning belgisi», — deydi u.

Bunday vaziyatda operator oldida ikki yoʻl turadi: shunchaki aloqa xizmatlari yetkazib beruvchisi boʻlib qolish yoki oʻz tarmogʻi negizida yangi servislarni yaratish. Dunyoning aksariyat telekommunikatsiya kompaniyalari ikkinchi yoʻlni tanlaydi: ularning eng yiriklarida aloqa xizmatlaridan tashqari servislarning ulushi yetti yil ichida tushumning 18 foizidan 28 foizigacha oshgan. Top-menejerning soʻzlariga koʻra, Uztelecomʼda yangi daromad manbalarini izlashdan emas, «Raqamli Oʻzbekiston — 2030» strategiyasidan kelib chiqishgan: maishiy masalalar Toshkentda ham, Nukusda ham tez va bir xil tarzda hal qilinishi kerak.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Shu tariqa kompaniyada yangi yoʻnalishlar paydo boʻldi va hozir ularning soni yettita. Ular orasida Telecom Charge quvvatlantirish stansiyalari tarmogʻi, haydovchilar uchun HAMROH ilovasi, ALSKOM bilan hamkorlikdagi sugʻurta xizmati, Smart Services ustalarni chaqirish xizmati, AI Vision videoanalitikasi, biznes uchun UzCloud Hub bulutli muhiti va sayohatchilar uchun servislar bor. Ularning koʻpi reja asosida emas, odamlarning amalda oʻzini qanday tutishini kuzatish natijasida paydo boʻlgan. Buning eng yaqqol misoli — quvvatlantirish stansiyalari.

«Biz Telecom Chargeʼni milliy tarmoq sifatida qurdik: yagona tarif, yagona akkaunt, turli shaharlardagi nuqtalar. Gʻoya chiroyli edi. Keyin oʻz maʼlumotlarimizni koʻrib, mijozlarning qirq foizdan koʻprogʻi doim bir xil stansiyada quvvat olayotganini aniqladik. “Bizning tarmogʻimizda” emas — uy yoki ishxonasi yonidagi aniq bir rozetkada. Demak, biz tarmoq qurayapmiz deb oʻylaganmiz, aslida esa odam uchun bankomat qurganmiz: bankomatga ham sevimlisiga emas, eng yaqiniga boriladi», — deya hikoya qiladi Adilov.

Shundan soʻng kompaniya mamlakat xaritasini chizishni toʻxtatib, stansiyalarni odamlar yashaydigan va ishlaydigan joylarga — aniq tumanlar hamda avtoturargohlarga oʻrnata boshladi.

Har qanday avtomobil ortidan esa butun boshli ishlar roʻyxati ergashadi: jarimalar, sugʻurta, xarid qilishdan oldingi avtomobil tarixi. Bularning barchasi HAMROH ilovasida jamlangan. Uning navigatori Toshkentdagi svetoforlarni boshqarish tizimiga ulangan va yaqin chorrahada yashil chiroq yonishiga qancha soniya qolganini koʻrsatadi. HAMROHʼdan allaqachon 300 mingdan ortiq foydalanuvchi foydalanmoqda. Unda juda hayotiy vaziyat uchun ham funksiya bor: keyin oilada jarimalar kimga tegishli ekanini aniqlashga toʻgʻri kelmasligi uchun mashinani kim, qachon va qancha muddatga olganini oldindan qayd etish mumkin.

Operator qaysi ishga qoʻl urishi, qaysi ishga esa qoʻl urmasligi oʻrtasidagi chegara qayerdan oʻtadi? Uztelecomʼda buning uchun oddiy mezon bor: yangi yoʻnalish faqat odam nima sababdan aynan operatorning oldiga shu xizmat uchun kelishi kerakligi tushunarli boʻlsa, maʼnoga ega. «Bizning abonentlar bazamiz katta» degan javob toʻgʻri kelmaydi: baza mahsulotni odamlarga tez yetkazishga yordam beradi, ammo uni zarur qilib qoʻymaydi. Shu sababli Uztelecom sugʻurta kompaniyasiga aylanmadi. Polisni ALSKOM sugʻurta kompaniyasi rasmiylashtiradi, operator esa jarayon navbatda yarim kun emas, telefonda bir necha daqiqa vaqt olishini taʼminlaydi.

Uztelecom sunʼiy intellektga ham xuddi shunday xolis yondashadi. Kompaniyaga AI qoʻshimchasi bilan atalgan koʻplab takliflar keladi, ammo ularning har birida ham haqiqiy foyda bor emas. Tekshirish oson: taʼrifdan AI soʻzini olib tashlab, vazifa qolgan-qolmaganiga qarash kerak. Agar zamonaviy soʻzsiz mahsulot taklif qiladigan hech narsa qolmasa, bunday mahsulot kerak emas.

Biznes uchun yechimlar ham shu tamoyil asosida yaratiladi. AI Vision videoanalitikasi mutlaqo real muammoni hal qiladi: videokuzatuv monitorlari qarshisidagi odam oʻn ikki daqiqadan keyinoq sodir boʻlayotgan voqealarning yarmini oʻtkazib yubora boshlaydi, tizim esa tanaffussiz kuzatib, qayerda tutun paydo boʻlganini yoki navbat uzayganini oʻzi koʻrsatadi. UzCloud Hub bulutli muhiti oddiy kompaniya toʻrt-beshta alohida obuna uchun sarflaydigan xizmatlarni — elektron pochta, videomuloqot, fayllar va kirish huquqlarini — bir joyga jamlaydi. Bunda toʻlov soʻmda amalga oshiriladi, elektron imzo esa tizimning ichiga bevosita oʻrnatilgan.

Xususiy mijozlar uchun servislar Uztelecom ilovasida jamlangan. Uning faol auditoriyasi bir yil ichida 21 foizga oshib, oyiga 2,3 mln kishiga yetdi, ilova ichidagi servislar soni esa beshtadan oʻn toʻqqiztagacha koʻpaydi. Ammo odamlar ilovani aslida nima uchun ochadi: samolyot chiptasini sotib olish uchunmi yoki trafik qoldigʻini tekshirish uchunmi? Top-menejerning javobi samimiy:

«Koʻpincha ikkinchisi uchun, buni boshqacha koʻrsatishga urinmayman. Bizda eng koʻp kiriladigan ekran — bosh sahifa, undan keyin tafsilotlar, soʻng tariflar va paketlar turadi. Ilovada oʻrtacha boʻlish vaqti qariyb olti daqiqa. Men buni yomon emas, yaxshi koʻrsatkich deb hisoblayman: hech kim operator ilovasida vaqt oʻtkazishni orzu qilmaydi, hamma masalasini hal qilib, chiqib ketishni xohlaydi. Shuning uchun biz daqiqalarga emas, shu olti daqiqaga qancha turli ish sigʻishiga qaraymiz».

Adilovning soʻzlariga koʻra, Uztelecomʼni endi shunchaki telekommunikatsiya operatori deb boʻlmaydi: kompaniya raqamli ekotizim sari harakat qilmoqda. Ammo aloqa poydevor boʻlib qoladi: optik tarmoq, mobil tarmoq, maʼlumotlar markazlari va bulutli hisoblash quvvatlari — kompaniya har kuni shugʻullanadigan yoʻnalishlar shular. Faqat shu poydevor ustiga qurish mumkin boʻlgan «qavatlar» soni oʻzgaradi. Keyingilari qanday boʻlishini u bashorat qilishga qoʻl urmaydi: besh yil avval u quvvatlantirish stansiyalari yoki usta chaqirish xizmati haqida oʻzi ham ayta olmagan boʻlardi. Ammo yoʻnalishlar soni sezilarli darajada koʻpayishiga ishonadi.

Jahongir Adilov bilan toʻliq intervyuni The Mag jurnalida oʻqing.

Yana oʻqing