Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media
Industriya

Yetkazib beruvchi robotlar yil oxirigacha Toshkentda buyurtmalarni yetkazishni boshlashi mumkin

Yandex Uzbekistan Yandex Lavka uchun avtonom yetkazib berish tizimini sinovdan oʻtkazmoqda. Dastlab robotlardan uzunligi ikki kilometrgacha boʻlgan yoʻnalishlarda foydalanish rejalashtirilmoqda

6-noyabr, 11:42По-русски

Yandex Uzbekistan 2026 yil oxirigacha Toshkentda yetkazib beruvchi robotlarni pilot tarzda ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Robotlar Yandex Lavkaʼdan oziq-ovqat mahsulotlari, tayyor taomlar va kundalik ehtiyoj tovarlarini yetkazib beradi, deb xabar bermoqda UzA.

Hozir kompaniya qurilmalarni shahar sharoitida sinovdan oʻtkazmoqda. Dastlabki yetkazib berishlar uchun xizmat koʻrsatish muddatlarini hisobga olgan holda, uzunligi ikki kilometrgacha boʻlgan yoʻnalishlarni tanlash rejalashtirilmoqda. Buyurtmani rasmiylashtirish vaqtida foydalanuvchi robotning taxminiy yetib kelish vaqtini ilovada koʻrishi mumkin boʻladi.

Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, robotlar piyoda tezligida harakatlanadi. Lidar va ultratovush datchiklari ularga yoʻnalishni aniqlashda yordam beradi, boshqaruv tizimi esa svetoforlarni tanib olish, toʻsiqlarni aylanib oʻtish va yoʻlni piyodalar oʻtish joylaridan kesib oʻtish imkonini beradi.

Reklama
Biznesingiz uchun Telegram’da reklama · TCA Media

Oltita yetakchi gʻildirak balandligi 10 santimetrgacha boʻlgan bordyurlardan oshib oʻtish imkonini beradi. Robotlarning yomgʻirda ishlashi ham mumkinligi aytilgan.

Nostandart vaziyatlarda boshqaruvga masofaviy operator ulanadi. Korpusda qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish uchun QR-kod koʻzda tutilgan.

Pilot bosqichdan soʻng kompaniya robotlardan foydalanish koʻlamini kengaytirish, jumladan, ularni oʻzining boshqa servislarida va tashqi kompaniyalar bilan ham qoʻllash niyatida. Ishga tushirishning aniq sanasi, yetkazib berish hududlari va qurilmalar soni hozircha maʼlum qilinmagan.

Yana oʻqing