Xakerlar mahsulotlarni muzdan tushirmoqda: AQSh sanoat sovutgichlariga hujumlar haqida ogohlantirdi
Jinoyatchilar internetga ulangan sovutish tizimlaridagi haroratni oʻzgartirmoqda. Hujumlar supermarketlar, shuningdek, AQSh harbiylari va Fransiyadagi qon bankining uskunalariga taʼsir koʻrsatdi

CISA, FQB va AQShning bir necha federal idorasi sanoat sovutgichlari hamda sovuq zanjirni nazorat qilish tizimlariga davom etayotgan kiberhujumlar haqida ogohlantirdi. Bu haqda TechCrunch 5-noyabrdagi qoʻshma bayonotga tayanib xabar berdi.
Nashr maʼlumotlariga koʻra, Yevropadagi hujumlarning bir necha toʻlqini jinoyatchilarga sovutish qurilmalaridagi haroratni oshirish imkonini bergan. Natijada mahsulotlar muzdan tushib, buzilgan. Hujumlardan kamida oʻn ikki mamlakatdagi obyektlar zarar koʻrgan.
Fransiyada qon bankining sovutish uskunalariga hujum qilingan. Harorat koʻtarila boshlagan, biroq qon zaxiralari zarar koʻrishidan oldin aralashuvni toʻxtatishga muvaffaq boʻlingan. Pentagon ham harbiy obyektlardagi muzlatish qurilmalari buzib kirilgan boʻlishi mumkinligi haqidagi holatlarni tergov qilmoqda.
AQSh idoralari ogohlantirishicha, uskunalar ishiga aralashish zaxiralarning yoʻqotilishi, qurilmalarning shikastlanishi va yongʻin xavfli vaziyatlarga olib kelishi mumkin. Oxirgi holat tasvirlangan hujumlarning tasdiqlangan oqibati emas, balki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf sifatida keltirilgan.
Tashkilotlarga boshqaruv tizimlariga internet orqali toʻgʻridan-toʻgʻri kirishni yopish, parollarni kuchaytirish, mavjud yangilanishlarni oʻrnatish va ishlab chiqaruvchisi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmayotgan uskunalarni almashtirish tavsiya etildi.
AQShning qoʻshma ogohlantirishida hujumlar uchun muayyan guruh yoki davlat zimmasiga javobgarlik yuklanmagan.





